Kogon tumanida “Ayollar sport olimpiadasi” musobaqalari bo'lib o'tmoqda
2026-04-17 14:50:00 / Yangiliklar
Kogon tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda sport maktabi hamkorligida 18–30 yosh toifasidagi xotin-qizlarning ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida turli sport turlari bo‘yicha “Ayollar sport olimpiadasi” tashkil etildi.

Mazkur sport tadbiri xotin-qizlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Ayni kunlarda musobaqalar yuqori saviyada, ko‘tarinki kayfiyat va sog‘lom raqobat muhitida qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, bugun Kogon tuman texnikumida voleybol sport turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Unda turli mahalla va tashkilotlardan shakllantirilgan jamoalar faol ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdi. Bahslar murosasiz va qiziqarli kechib, ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi va sport mahoratini namoyon etdilar.



