Kogon tuman tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi
2026-03-18 13:55:00 / Yangiliklar

Mazkur yangi inshoot tuman markazida barpo etilgan bo‘lib, aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Xususan, ushbu stansiya orqali tumandagi qariyb 87 ming nafar aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi yanada samarali tashkil etiladi.
Yangi bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 1 milliard 401 million so‘m mablag‘ hisobiga “Iftixor ta’mir qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 10x15 metr hajmda bunyod etildi.
Stansiyada tibbiyot xodimlari, xususan tez tibbiy yordam brigadalari uchun qulay va zamonaviy ish sharoitlari yaratilgan. Shuningdek, fuqarolar uchun ham barcha zarur shart-sharoitlar inobatga olingan. Binoning ichki jihozlanishi zamonaviy mebel, kompyuter texnikalari hamda boshqa zarur vositalar bilan to‘liq ta’minlangan.
Bundan tashqari, stansiyada elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining uzluksiz va samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida telekommunikatsiya infratuzilmasi to‘liq modernizatsiya qilindi. Internet va aloqa tarmoqlari yangilanib, zamonaviy tarmoq uskunalari o‘rnatildi. Tez tibbiy yordam brigadalari esa zamonaviy planshet qurilmalari bilan ta’minlandi, bu esa chaqiriqlarni qabul qilish va ularga tezkor javob qaytarish jarayonini sezilarli darajada optimallashtiradi.
Yangi binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Otabek Qazoqov hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov ishtirok etib, o‘z nutqlarida mazkur inshoot hududda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi ekanini alohida ta’kidladilar.
Shundan so'ng ochilish marosimi doirasida ramziy qizil lenta mas'ullar hamda nuroniylar tomonidan tantanali tarzda kesildi. Ramziy lenta qirqilgach, yigʼilganlar binoda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.






