KOGON TUMANIDA NAVRO‘Z SHODIYONALARI KO‘TARINKI RUHDA O‘TDI!
2026-03-17 13:25:00 / Yangiliklar

Bu yilgi Navro‘zning o‘ziga xos jihati shundaki, u muqaddas Ramazon oyi bilan uyg‘unlashib, xalqimiz uchun yanada fayzli va barakali bo‘lmoqda. Bu esa yurtdoshlarimizni mehribonlikka, saxovat va muruvvat ko‘rsatishga, keksalar holidan xabar olishga, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berishga undamoqda. Hasharlar, obodonlashtirish ishlari, bunyodkorlik tashabbuslari bayram ruhini yanada mustahkamladi.
Kogon tumanida ham Navro‘z umumxalq sayli tarzida, yuqori kayfiyat va tantanavor ruhda nishonlandi. 17-mart kuni tuman markaziy o‘yingohida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida katta bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov ochib berib, o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida hududlarda, jumladan, Kogon tumanida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida ta’kidladi. Zamonaviy korxonalar barpo etilayotgani, infratuzilma izchil rivojlanayotgani, yangi ijtimoiy obyektlar qad rostlayotgani qayd etildi. Shuningdek, mahallalarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari hududlarning qiyofasini tubdan o‘zgartirib borayotgani ta’kidlandi.
Bayram dasturi rang-barang va mazmunli tadbirlarga boy bo‘ldi. Tomosha maydonida milliy kurash musobaqalari, varrak uchirish, arqon tortish kabi xalq o‘yinlari tashkil etilib, ular yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bayram tantanalari tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan rang-barang badiiy chiqishlar bilan yanada davom ettirildi. Ular ijrosida yangragan Ona Vatan, tinchlik va Navro‘z bayramini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Folklor jamoalarining chiqishlari esa ushbu shodiyonaning badiiy va ma’naviy ruhini yanada boyitdi.
Shuningdek, tadbir davomida mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan bahoriy milliy taomlar mehmonlarga tortiq etilib, bayram dasturxonining to‘kinligi barchaga manzur bo‘ldi.
Darhaqiqat, Navro‘z – yangilanish, poklanish va ezgulik bayramidir. Ajdodlarimiz bu ulug‘ ayyomni doimo pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olganlar. Bugun ham ana shu ezgu an’analar davom etib, xalqimiz Navro‘zni yuksak shodlik va katta orzu-umidlar bilan qarshi olmoqda.









