Tutkundalik mirishkor dehqon tomorqadan yiliga uch marotaba hosil olmoqda!
2026-03-13 13:45:00 / Yangiliklar

Bahodir Jo‘rayev o‘z xonadoniga biriktirilgan tomorqa yerlaridan oqilona foydalanib, har qarich yerni unumli ishlatishga alohida e’tibor qaratadi. Uning aytishicha, yerga mehr bilan yondashib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish orqali yil davomida bir necha marotaba hosil olish imkoniyati mavjud. Shu sababli u tomorqa yerlarida ekinlarni almashlab ekish tizimidan foydalanib, yiliga uch marotaba hosil olishga erishmoqda.
Hozirgi kunda u xonadonidagi 5 sotix maydonda zamonaviy issiqxona tashkil etgan. Mazkur issiqxonada iqlim sharoitiga mos, serhosil pomidor navlaridan 1500 tup ko‘chat parvarish qilinmoqda. Issiqxona sharoitida yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlariga doimiy ravishda agrotexnik parvarish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, sug‘orish, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari o‘z vaqtida va belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agrotexnik tadbirlar talab darajasida bajarilganda har bir pomidor ko‘chatidan o‘rtacha 5–8 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Bu esa kichik maydondan ham sezilarli miqdorda mahsulot yetishtirish imkonini beradi.
Bahodir Jo‘rayevning ta’kidlashicha, issiqxonada olib borilayotgan ishlar butun oila a’zolarining mehnati bilan amalga oshiriladi. Ular yil davomida pomidor, bodring hamda turli xil ko‘katlar yetishtirib, nafaqat o‘z ehtiyojlarini qondirish, balki aholini sifatli va yangi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
— Oilamiz bilan birgalikda ushbu issiqxonada yil davomida mehnat qilamiz. Har bir ekinga alohida e’tibor berib, sifatli hosil yetishtirishga harakat qilamiz. Mehnatimiz samarasini ham ko‘rib turibmiz. Yetishtirilgan mahsulotlarimizni bozorga chiqarib, aholiga yetkazamiz. Shu orqali oilamiz daromadini oshirib, xonadonimizning turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda, — deydi xonadon egasi Bahodir Jo‘rayev.
Bugungi kunda ushbu xonadon tomorqasida yetishtirilayotgan mahsulotlar hisobiga yiliga o‘rtacha 80 million so‘mga yaqin daromad olinmoqda. Bu esa tomorqa yerlaridan samarali foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash, oilaviy daromadni oshirish hamda ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


