Tutkunda MFY| Fozilovlar xonadonida tomorqa va parrandachilik – farovonlik omili bo'lib xizmat qilmoqda
2026-03-10 13:00:00 / Yangiliklar

Ayni paytda xonadon ichkarisidagi 6 sotix tomorqa maydonida kartoshka va ko‘kpiyoz ekinlari ekilib, ularni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Xonadon egalari tomonidan yerga ishlov berish, sug‘orish, begona o‘tlardan tozalash kabi agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida amalga oshirilgan bo'lib, bu esa o'z navbatida mo‘l va sifatli hosil olish uchun muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Xonadon egasi Chori Fozilovning ta’kidlashicha, tomorqadan unumli foydalanish, avvalo, insonning mehnatsevarligi va yerga bo‘lgan e’tiboriga bog‘liq. “Tomorqa bilganga zar. Uni parvarishlab, ko‘rkam va unumdor holga keltirish esa zargarga — ya’ni mehnatkash dehqonga bog‘liq”, — deydi u.
Ta'kidlash o'rinliki, Chori Fozilov tomorqachilik bilan bir qatorda yetti xazinaning biri hisoblangan parrandachilik bilan ham muntazam shug‘ullanadi. Xonadonida parrandalarni parvarishlab, oilasi uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratib kelmoqda. Bu esa nafaqat oila dasturxonining to‘kin bo‘lishiga, balki xonadon iqtisodiy barqarorligining ta’minlanishiga ham xizmat qilmoqda.
Bu kabi mehnatkash, namunali xonadonlar qishloq joylarda tomorqachilik madaniyatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy farovonlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.



