TUTKUNDALIK ILG'OR CHORVADOR SAMARALI MEHNATI ORTIDAN YAXSHIGINA DAROMADGA EGA BO'LMOQDA!
2026-03-02 07:50:00 / Yangiliklar

U ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, chorvachilik sir-asrorlarini puxta egallagan. Xonadonida 10 ga yaqin mahalliy va zotdor chet el qoramollari hamda 15 bosh qo‘yni parvarishlab kelmoqda. Chorva mollari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Xususan, xonadonda parvarishlanayotgan chorva talab darajasida, tejamkor usulda oziqlantirilmoqda. Gidroponika texnologiyasi asosida bug‘doy va boshqa boshoqli donlar ekilib, ivitish yo‘li bilan shirali ozuqa tayyorlanadi. Ushbu zamonaviy usul ozuqaning to‘yimliligini oshirib, qoramol va qo‘ylarning sog‘lom o‘sishi hamda vazn olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, yem-xashak xarajatlari ham sezilarli darajada kamaymoqda.
Ta'kidlash o'rinliki, Ziyodullo Safarov yetishtirayotgan go‘sht mahsulotlari mahalliy bozorda xaridorgir bo‘lib, aholini sifatli va tabiiy mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Daromad ham mehnatga yarasha bo‘ladi, albatta. Bir yilda 150 million so‘mdan ortiq daromad qilamiz. Eng muhimi, halol mehnat qilib, oilamiz rizqini topyapmiz”, — deydi xonadon egasi.
Kelgusida u chorva sonini oshirish va faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.



