KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOV TURKIYALIK TADBIRKOR BILAN HAMKORLIKDAGI ISTIQBOLLI LOYIHALARNI MUHOKAMA QILDILAR
2026-02-07 17:05:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuvda Kogon tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, hududning investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida investor Sezayi Unal o‘zining O‘zbekiston hududida, xususan Kogon tumanida amalga oshirishni rejalashtirayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishtirdi. Jumladan, qurilish va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliy sanoat salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda Kogon tumanining “Zirabod” massivi hududida barpo etilayotgan “Buxoro sanoatini rivojlantirish majmuasi” maxsus sanoat parkida investorlar uchun yaratilgan qulay infratuzilma, mavjud soliq va bojxona imtiyozlari, yer ajratish tartibi hamda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Investor tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar katta qiziqish bilan tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelgusida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish, tegishli mutaxassislar ishtirokida aniq loyihalar ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsion muhitni mustahkamlash va istiqbolli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha fikr bildirdilar.




