Kitob tumani hokimi Rustam Abdirasulovich Gafurovning tuman ahliga MUROJAATI
2026-05-21 18:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Qadrli ota-onalar, mo‘tabar nuroniylar, mahalla faollari va kelajagimiz egalari bo‘lgan aziz yoshlar!
Bugun sizlarga qalbimdagi eng og‘riqli va dolzarb masala yuzasidan murojaat qilmoqdaman. Bu — farzandlarimizning taqdiri, yoshlarimizning kelajagi va jamiyatimiz osoyishtaligiga tahdid solayotgan giyohvandlik illatidir.
Barchamiz yaxshi bilamiz, bugungi murakkab davrda turli zararli oqimlar va yot illatlar yoshlar ongini egallashga urinmoqda. Ayniqsa, sintetik giyohvand moddalar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yashirin tarzda tarqatilayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Bir narsani unutmasligimiz kerak: giyohvandlik — bu faqat bitta insonning muammosi emas. U oilani yemiradi, yosh umrlarni xazon qiladi, jamiyat barqarorligiga putur yetkazadi.
Shu sababli bugun bu illatga qarshi kurashishda har birimiz hushyor va mas’uliyatli bo‘lishimiz zarur.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Chunki yoshlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi va ertangi kun egalaridir.
Biz Kitob tumanida ham bu boradagi ishlarni yanada kuchaytiramiz.
Avvalo, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratamiz. Har bir mahalla o‘z hududidagi yoshlarning tarbiyasi va xavfsizligi uchun mas’ul ekanini chuqur his qilishi kerak.
Ota-onalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiramiz. Farzandning kim bilan yurayotgani, qanday muhitda ulg‘ayayotgani, internetdan qanday foydalanayotgani bugungi kunda nihoyatda muhim masalaga aylandi.
Aziz ota-onalar!
Farzand tarbiyasida befarqlikka aslo o‘rin bo‘lmasligi kerak. Chunki bugungi e’tibor — ertangi kunning kafolatidir.
Shuningdek, Kitob tumanida yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga, kitobxonlikka, kasb-hunar o‘rganishga va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshiramiz. Chunki maqsadi bor, intiluvchan yosh hech qachon yot illatlar domiga tushmaydi.
Yana bir muhim jihat — adashgan insonlarni jamiyatdan chetlatish emas, balki ularga yordam qo‘lini cho‘zishdir. Hayotda xato qilgan insonni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish ham savob, ham insoniylik burchidir.
Hurmatli tumanimiz ahli!
Bugun barchamiz birlashmasak, ushbu muammoga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishish mushkul bo‘ladi. Shu bois nuroniylarimiz, ziyolilarimiz, mahalla faollari, ustozlar, tadbirkorlar va yoshlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim.
Keling, farzandlarimizni asraylik!
Keling, Kitob tumanini sog‘lom, tinch va xavfsiz hududga aylantiraylik!
Zero, xalqimizning eng katta boyligi — sog‘lom avlod, tinch oila va osoyishta yurtdir.
Hurmat bilan,
Rustam Abdirasulovich Gafurov
Kitob tumani hokimi
