MUZOKARA VA KELISHUV!
2026-01-16 12:25:00 / Yangiliklar

Muzokara davomida Karmana tumani yoshlarini o‘qitish, kasbiy tayyorlash va ularni Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni qonuniy va aniq tartibda Germaniyaga ishga yuborish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Klett Uzbekistan kompaniyasi mutaxassislari Karmana tumaniga kelib, 8–10 oy davomida ushbu yo‘nalishga qiziqishi va istagi bo‘lgan yoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi, ularni maxsus o‘quv dasturlari asosida tayyorlaydi hamda Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlariga yo‘naltiradi. Jarayonning barchasi qonuniy, shaffof va aniq tartibda amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Tuman hokimi Shohruh Boltayev mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, uni yoshlar bandligini ta’minlash, ishsiz yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularning kelajagi uchun muhim imkoniyat ekanini qayd etdi. Shuningdek, o‘quv kurslarini tashkil etish, zarur shart-sharoitlarni yaratish va jarayonni samarali amalga oshirishda tuman hokimligi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi bildirildi.
Endilikda mazkur loyiha doirasida tashkiliy ishlar boshlab yuboriladi. Bu tashabbus karmanalik yoshlari uchun nafaqat ish bilan ta’minlanish, balki xorijda yuqori malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.



