“Milliy armiya — Yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!”
2025-12-29 16:15:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligiga qarashli Karmana tumanida joylashgan harbiy qismda vatanparvarlik oyligi doirasida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Mazkur tadbirda Karmana tumani Xonchorbog‘ mahalla fuqarolar yig‘inining faol yoshlari ishtirok etdi. Ochiq eshiklar kunining asosiy maqsadi yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy armiyamizga hurmat va faxr tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, ularni harbiy xizmatga qiziqtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida yoshlar harbiy qismning kundalik faoliyati, xizmat sharoitlari, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan ularning vazifasi va imkoniyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Harbiy xizmatchilar tomonidan namunali chiqishlar, jismoniy va harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari namoyish etildi. Bu esa yoshlarda milliy armiyamizning kuch-qudrati, intizomi va salohiyati haqida yanada to‘liq tasavvur hosil qildi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekanini chuqur his etishdi. Ochiq eshiklar kuni yoshlarda Vatanga muhabbat, tinchlikni asrashga bo‘lgan mas’uliyat va vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.






