Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv
2025-12-12 15:15:00 / Yangiliklar

Aliment to‘lash bo‘yicha kelishuv bitim hisoblanadi va uni tuzgan shaxslar uchun huquq va majburiyatlar vujudga keltiradi. Oila kodeksining 130-moddasiga ko‘ra aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va to‘lash tartibi) aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs bilan aliment oluvchi o‘rtasida tuziladi. Bundan ko‘rinadiki aliment to‘lash bo‘yicha kelishuvni aliment majburiyati ishtirokichilari o‘rtasida tuzilishiga yo‘l qo‘yiladi. Taraflarning yaqin qarindoshlari va voyaga yetmaganlar o‘rtasida bunday kelishuv tuzilishiga qonun yo‘l qo‘ymaydi.
Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Aliment to‘lash bo‘yicha kelishuvni qonunda ko‘rsatilgan shakliga rioya qilmaslik uni kelgusida haqiqiy emas deb topilishiga asos bo‘ladi.
Yaьni bunday kelishuv albatta yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi shart.
Notarial tartibda tasdiqlangan aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida ham alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlar ijro hujjati hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv taraflarning o‘zaro roziligi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish ham o‘sha shaklda amalga oshiriladi.
Agarda aliment to‘lash bo‘yicha kelishuv o‘zgartirilganda taraflarning majburiyatlari o‘zgartirilgan holda saqlanib qoladi. Kelishuv bekor qilinganida esa taraflarning majburiyatlari bekor bo‘ladi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha aliment miqdori, to‘lash usullari va tartibi shu kelishuv bilan belgilanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana
tumanlararo sudi sudyasi
Gʻayrat Yakubov
