Xorazmda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
2024-05-15 14:30:00 / Yangiliklar

Agentlik mas’ullari tomonidan bosqichma-bosqich tizimdagi barcha tashkilotlar yosh xodimlari uchun o‘tkazilib kelinayotgan ochiq muloqotning navbatdagisi Xorazm viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida tashkil etildi.
Tadbirda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari, Xorazm viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i, Ekologik partiyaning Xorazm viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi hamda boshqarmaning barcha yosh xodimlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish maqsadida tashkil etilgan ochiq muloqotda viloyat boshqarmasida faoliyat olib borayotgan yoshlarning g‘oya va intilishlari, ularni qiziqtirib kelayotgan muammo va masalalar o‘rganildi hamda yoshlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muloqotda so‘z olganlar bugun yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini e’tirof etishdi. Ularning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, ilg‘or tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, Agentlik mas’ullari tomonidan tizimdagi yosh xodimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sport musobaqalarini tashkil etish, “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish, xususan, iqtidorli yosh xodimlarni Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida tashkil etiladigan qayta tayyorlash kurslariga jalb etish, xorijiy davlatlarning o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan malaka oshirish dasturlari haqida, Agentlikning korrupsiyaga qarshi siyosati, yosh xodimlar o'rtasida korrupsiyani oldini olish hamda uning yuzaga kelishi mumkin bo'lgan omillarini bartaraf etish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 146-son qarorida belgilangan vazifalar to‘g‘risida aytib o‘tildi.
Tadbir so‘nggida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javoblar olishdi hamda ularning takliflari eshitildi va o‘zaro fikr almashildi.







