Tadbirkorlar «Uzbekistan Airports Cargo»ning yangi terminali afzalliklari bilan tanishtirildi
2025-05-14 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbirkorlar «Uzbekistan Airports Cargo»ning yangi terminali afzalliklari bilan tanishtirildi
Bugun Toshkent xalqaro aeroportida yiliga 120 000 tonna yuk tashish quvvatiga ega zamonaviy UzCargo terminali ishga tushirildi. Ushbu maskan 5,2 gektar maydonda joylashgan.
Unda:
- 8 500 m² ombor (shu jumladan 500 m² sovutish-muzlatish zonasi);
- maxsus haroratli xonalar – o‘simlik, tirik hayvon, oziq-ovqat va dori-darmonlar uchun;
- innovatsion yuk saqlash stelajlari, qadoqlash va avtomatlashtirish uskunalari;
- 3 qavatli ma’muriy bino (bojxona, karantin, deklarant bo‘limlari);
- yengil va yuk mashinalari uchun keng to‘xtash maydoni.
Xorijning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan olingan zamonaviy uskunalar yuklarni qayta ishlash vaqtini qisqartiradi va aviatashuvchilarga xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Yangi terminal eski 30 000 tonnalik quvvatni to‘rt barobar oshiradi, shuningdek, yuklarni tezroq va sifatiga ta’sir etmagan holda yetkazish imkonini yaratadi.
Bu loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish va ishbilarmon tadbirkorlarga logistika qulayliklarini taqdim etishdan iborat.


