“Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida qoraqalpog‘istonlik yosh xodimlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2024-05-10 12:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024-yilning Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nomlanishi ham ularga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.
Agentlik tizim tashkilotlarida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” mavzusida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida navbatdagi seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig‘i, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari hamda agentlikning barcha yosh xodimlari ishtirok etishdi.
“Rahbar va yoshlar” ochiq muloqotining mohiyati – Agentlik tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan samimiy suhbatlashish, qiziqishlarini o‘rganish, tahlil qilish orqali muammolarini hal qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Uchrashuvda so‘z olganlar O‘zbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, ayniqsa yoshlar ushbu muhim strategik hujjat asosida yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari muhimligi alohida ta’kidlashdi.
Shuningdek, muloqotda Agentlik mas’ullari tomonidan yosh xodimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, turli sport musobaqalarini tashkil etish, “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish, xususan, “Ibrat farzandlari” platformasi orqali xorijiy tillarni o‘zlashtirib, sertifikat olgan yoshlarni ekportchi korxonalarga biriktirish kabi tashabbuslar haqida ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 146-son qarorida belgilangan vazifalar to‘g‘risida aytib o‘tildi.
Tadbir davomida yoshlarni tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yoshlar bilan ishlash borasida kelgusi rejalar xususida ham so‘z borib, ular yosh xodimlar fikr va takliflari asosida yanada boyitilishi ta’kidlandi.



