27 tonna piyoz qaytarilmadi: Qirg‘iziston chegarasidagi holatga rasmiy izoh
2026-01-21 18:10:00 / Yangiliklar

O‘rganish natijasida 26 tonna 978 kg piyoz Andijon viloyatining “Do‘stlik” O‘SCHM orqali Qirg‘izistonga eksport qilingan. Mahsulot xalqaro normalarga asosan laboratoriya sharoitida fitosanitariya ekspertizasidan o‘tkazilgan va fitosanitar xavfsizligi aniqlangandan so‘ng ijobiy laboratoriya xulosasi berilgan.
Piyoz mahsuloti uchun fitosanitar sertifikat 16 yanvar kuni karantin nazoratidan so‘ng rasmiylashtirib berilgan. Yuk mashinasi 17 yanvar kuni taxminan soat 01:10 da Qirg‘iziston chegarasiga yetib borgan. Tadbirkorning ma’lum qilishicha, ichki fitosanitar sertifikat va laboratoriya xulosasi asosida o‘z vaqtida rasmiylashtirib berilgan xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikat yuk mashinasi haydovchisi tomonidan yo‘qotilgan.
Fitosanitar sertifikat yuk mashinasining kabinasidan topilgach, Qirg‘izistonning fitosanitar xizmatiga taqdim etilgan va yuk to‘siqsiz qo‘shni davlatning hududiga kiritilgan.
