BAYROG‘IMIZ BALAND BO‘LSIN, RUHIMIZ YUKSAK!
2026-11-19 14:05:00 / Yangiliklar

Davlat bayrog‘i — xalqimizning g‘ururi, istiqlolimiz va birdamligimiz timsoli. Unda ajdodlarimizning shonli tarixi, el-yurtning tinchlik va farovonlik sari ezgu intilishlari mujassam. Muqaddas ramzimizga ehtirom — avvalo, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va mustaqilligimizni asrab-avaylash demakdir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan Jondor tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Vatan bayrog‘i — millat iftixori” haftaligi tashkil etildi. Bir hafta davom etgan ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘quvchi-yoshlar qalbida yurtga muhabbat, milliy iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Haftalik tantanalari maktab hovlisidagi saf ko‘riklari va vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar bilan boshlandi. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga davlat ramzlarining tarixiy ildizlari, ularning mazmun-mohiyati hamda ramzlarga hurmat ko‘rsatish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
“Bayrog‘im — faxrim, g‘ururim!” shiori ostida o‘tgan uchrashuvlarda o‘g‘il-qizlar bayrog‘imizdagi ranglar, yarim oy va yulduzlarning ma’nosini teran anglaganliklarini namoyon etdilar. Vatan, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar hamda sahna ko‘rinishlari kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Haftalik davomida “Bayrog‘im — ko‘zimning qorachig‘i” mavzusida sinf soatlari va ochiq muloqotlar, “Bayrog‘im — faxrim” nomli tasviriy san’at va ijodiy ishlar ko‘rgazma-tanlovi, “Davlat ramzlari — milliy g‘ururimiz” mavzusida ma’naviy uchrashuvlar, “Men Vatanim bayrog‘i bilan faxrlanaman!” shiori ostida o‘quvchilar tayyorlagan videoroliklar va targ‘ibot chiqishlari, Vatanparvarlik mavzusidagi mushoiralar, insholar tanlovi, Davlat ramzlari yuzasidan bilimlar bellashuvi kabi tadbirlar o‘tkazildi.
Ayniqsa, o‘quvchilarning faolligi, bayrog‘imizga bo‘lgan samimiy mehr-u ehtiromi tadbirlarga jon bag‘ishladi. Ushbu ishlarning uyushqoqlik bilan o‘tishida maktab ma’muriyati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sinf rahbarlari, fan o‘qituvchilari va faol yoshlarning hissasi katta bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, haftalik o‘quvchilarda fuqarolik mas’uliyati, milliy g‘urur va yurt kelajagiga daxldorlik hissini yanada kuchaytirdi. Zero, Vatan bayrog‘i baland hilpirar ekan, millatning qaddi ham, ruhi ham hamisha baland bo‘ladi!








