Vatanimiz bayrog‘i – mag‘rurligimiz timsoli
2026-11-13 13:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 35 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab katta shukuh va o‘zgacha ruhda nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan qadimiy va navqiron Buxoro viloyatining Jondor tumanida ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan unutilmas ma’naviy-sport tadbiri – keng ko‘lamli piyodalar marshi bo‘lib o‘tdi.
Tuman markazidagi ko‘chalar shu kuni Vatanimiz bayrog‘ining yorqin ranglariga burkandi. Ko‘zlarda olov, qalbida cheksiz shukronalik va faxr tuyg‘usi jo‘r bo‘lgan yuzlab yoshlar, harbiylar, o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari bir tanu bir jon bo‘lib saf tortdilar.
Ushbu ommaviy yurish shunchaki tadbir emas, balki har bir yurakda ona yurtga muhabbat va sadoqat o‘tini yoquvchi buyuk namoyishga aylandi.
Tadbirda so‘z olganlar o‘zbek bayrog‘i nafaqat mato, balki xalqimizning muqaddas o‘tmishi, buguni va porloq kelajagiga bo‘lgan yuksak ishonch timsoli ekanligini alohida ta’kidladilar. Moviy rang – tiriklik va musaffo osmon ramzi, oq rang – tinchlik va poklik elchisi, yashil rang – tabiat va yangilanish jilosi, qizil chiziqlar esa tomirimizda oqayotgan ajdodlar qoni, jonajon Vatanimiz uchun urayotgan qalb harorati ekanligi har bir yurakni g‘ururga to‘ldirdi.
Jondor tumanida o‘tgan ushbu piyodalar marshi yosh avlodni ona yurtiga sadoqatli, har qanday sinovda uning sha’nini himoya qilishga tayyor, shijoatli insonlar etib tarbiyalashda muhim qadam bo‘ldi. Ko‘chalardan yangragan vatanparvarlik qo‘shiqlari, ishtirokchilarning bir tan-u bir jon bo‘lib qadam tashlashi har bir yurakda Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatni yana bir bor uyg‘otdi.
Zero, muqaddas bayrog‘imiz doimo balandda hilpirasin, uning soyasida Vatanimiz har doim tinch,obod va farovon bo‘lsin!









