Jondor tuman hokimi xorijdagi yoshlar bilan videomuloqot o‘tkazdi
2026-11-05 14:30:00 / Yangiliklar

Bugun, 5-noyabr kuni Jondor tuman hokimligida navbatdagi "Payshanba — yoshlar bilan ishlash kuni" munosabati bilan tuman hokimi Jamshid Xudoyev ishtirokida navbatdagi amaliy va samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotning o‘ziga xosligi shundaki, u masofalarni vaqtinchalik yiroqlashtirgan, ammo bir-biriga bog‘lab turgan zamonaviy texnologiyalar yordamida — xorijda, migratsiyada bo‘lib turgan 20 nafar jondorlik yoshlar bilan video muloqot tarzida tashkil etildi.
Muloqot davomida tuman hokimi Jamshid Xudoyev yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, har bir fuqaroning hayoti va taqdiri davlatimiz diqqat-markazida ekanligini alohida ta’kidladi. Tashkil etilgan muloqot shunchaki rasmiy uchrashuv emas, balki chet elda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish hamda vatanga qaytgach, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy muloqotga aylandi.
Videomuloqotda 20 nafar yoshning har biri bilan alohida muloqot qilindi, ularning mehnat va yashash sharoitlari, taklif hamda muammolari tinglandi. Suhbat davomida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaat va tashabbuslar atroflicha tahlil qilinib, ularni joyida hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilot rahbarlariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Xorijdagi yoshlarimizning har birining dardi, tashvish va yutuqlari davlat va jamiyat uchun birdek muhimdir. "Payshanba — yoshlar bilan ishlash kuni" doirasida o‘tkazilgan bu kabi amaliy muloqotlar jondorlik yoshlarga qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z Vatanining mustahkam tayanchi va e’tiborini doim his qilib yashashlariga xizmat qiladi.








