Izlanuvchan va iqtidorli Xadichabonuning zafarli qadamlari
2026-11-04 11:10:00 / Yangiliklar

Har bir jamiyatning ertangi kuni, porloq kelajagi uning bilimli, zehni o‘tkir va iqtidorli farzandlari qo‘lida. Jondor tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi Ochilova Xadichabonu ana shunday zukko, tirishqoq va shijoatli yoshlarimizdan biridir.
Garchi u hali juda yosh bo‘lsa-da, qo‘lga kirituyotgan ulkan yutuqlari, badiiy gimnastika va mental arifmetika sohalaridagi go‘zal marralari bilan tengqurlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Uning shu yoshda erishayotgan yutuqlari har qanday insonni lol qoldiradi.
Xadichabonu uchun 2026-yil chinakam muvaffaqiyatlar va yorqin marralarga boy kelmoqda.
Keling, uning shu yildagi eng sara g‘alabalarini bir ko‘zdan kechiraylik. Yanvar–fevral oylari: Jondor tumanida va keyingi bosqichlarda chempionlik maqomini qo‘lga kiritib, 2 ta xorijiy davlatga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mart oyi: 1 mart kuni Buxoro viloyatida 1-o‘rin, 22 mart kuni esa viloyat miqyosida oliy o‘rinni egallab, Zomin sari yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Aprel oyi: Navbatdagi musobaqada yana chempionlik pyedestalidan joy oldi.
May oyi: Zomin shahrida o‘tkazilgan nufuzli bellashuvda oliy o‘rinni zabt etib, Qirg‘iziston davlatiga yo‘llanma oldi.
Iyul oyi: Buxoro viloyatida yaqqol ustunlik bilan «Super oliy o‘rin»ni qo‘lga kiritdi.
Avgust oyi: Faxrli 1-o‘rinni egallab, Gruziya sari yo‘llanma sohibiga aylandi.
Sentyabr oyi: Buxoro viloyatida o‘tkazilgan Fuzuliy olimpiadasida tengsiz deb topilib, «Super oliy o‘rin»ni oldi va naq 6 ta davlatga yo‘llanma yutib oldi!
Bundan tashqari, yosh iqtidor egasi kelgusi dekabr oyida gimnastika bo‘yicha Gruziya hamda mental arifmetika bo‘yicha Dubay shahrida o‘z mahoratini yana bir bor xalqaro maydonda sinovdan o‘tkazishi kutilmoqda.
Xadichabonu nafaqat sport va aniq fanlarda, balki ilm-fan va adabiyotga mehri bilan ham barchaning mehrini qozongan. U 300 dan ortiq sherlarni yoddan biladi va adabiyotga, kitob o‘qishga juda ham qiziqadi. Sinfda ham faol, sinchkov va topshiriqlarni o‘z vaqtida a’lo darajada bajaradi.
Yosh va iqtidorli Xadichabonuning bunday ulkan yutuqlari mahalla va tuman hokimligi tomonidan munosib e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Har bir insonning hayotda o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlari bo‘ladi. Xadichabonuning ham kelajakdagi katta orzusi bor — u ulg‘ayganda prokuror kasbining mukammal egasi bo‘lib, Vatanimiz taraqqiyoti, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilgan.
Ishonchimiz komilki, shijoatli, tirishqoq va qat’iyatli Xadichabonu kelajakda yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida yanada baland ko‘tarib, el-yurt ishonchini oqlaydigan asl vatanparvar inson bo‘lib voyaga yetadi. Unga kelgusi o‘qish va sport musobaqalarida ulkan zafarlar tilaymiz!







