Jondor tumanida zamonaviy yoshlar maskani barpo etilmoqda
2026-11-04 15:30:00 / Yangiliklar

Jondor tumanida yosh avlodning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va kitobxonlikka keng jalb qilish borasida tizimli va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning 3-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev tumanga tashrif buyurib, hududda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va yangi ob’yektlar qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi hamda oʻzining tegishli maslahat va tavsiyalarini berdi.
Tashrif doirasida “Zarafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus olimpiadasi tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish va yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan yangi ob’yektlar qurilishi koʻzdan kechirildi.
Ushbu loyiha doirasida mahallada yoshlar uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy kutubxona hamda “Yoshlar markazi” binosi barpo etilishi koʻzda tutilgan. Kelajakda ushbu maskanlar mahalla yoshlarining bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi va maʼnaviy hordiq chiqarishi uchun qulay platforma vazifasini oʻtaydi.
Taʼkidlash joizki, ushbu ob’yektda buyurtmachi “Viloyat hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi, loyihachi “Buxoro-Nusrat Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda pudratchi “Abbosobod Ta'mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi.
Hozirgi kunda qurilish va obodonlashtirish ishlari shaharsozlik meʼyorlari va xavfsizlik talablariga toʻliq javob bergan holda, mualliflik va texnik nazorat ostida sifatli tarzda olib borilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi direktorining bergan tavsiyalari asosida tez orada foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu maskan tuman yoshlari uchun haqiqiy maʼnaviyat, maʼrifat va sport koshonasiga aylanadi.







