Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar – kelajak sari mustahkam qadam
2026-07-10 11:50:00 / Yangiliklar

Jondor tumanining Oxshix mahallasida istiqomat qiluvchi Tilakova Ferangiz Turg'un qizi "Ko‘mak" loyihasi doirasida ajratilgan 130 million so‘mlik ssudadan samarali foydalanib, olis va chekka hududlarda yashovchi yoshlarning chet tillarini o‘rganishiga xizmat qiluvchi zamonaviy o‘quv markazini tashkil etdi.
Bugungi kunda ushbu o‘quv markazida 80 nafar yosh ingliz va boshqa chet tillarini puxta o‘rganib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirib bormoqda. Markazda yaratilgan qulay sharoitlar yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi va kelgusida xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, o‘quv markazida xalqaro chet tillari sertifikatiga ega 3 nafar malakali ustoz faoliyat yuritib, yoshlarga sifatli ta’lim berib kelmoqda. Ularning bilim va tajribasi o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, yuqori natijalarga erishishiga zamin yaratmoqda.
– Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, 'Ko‘mak' loyihasi asosida o‘quv markazimizni tashkil etdik. Bugungi kunda 80 nafar yosh chet tillarini o‘rganmoqda, ularga xalqaro sertifikatga ega malakali ustozlar ta'lim bermoqda. Yoshlarning bilimga intilishi, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishi va kelajakda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib yetishayotganini ko‘rish men uchun eng katta yutuq va faxrdir. Kelgusida markazimiz faoliyatini yanada kengaytirib, ko‘proq yoshlarni sifatli ta'lim bilan qamrab olishni maqsad qilganmiz, -deydi Ferangiz Tilakova.
Bunday tashabbuslar nafaqat yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarni egallash orqali kelajakdagi muvaffaqiyatlariga mustahkam poydevor yaratadi. Jondor tumanida amalga oshirilayotgan ana shunday loyihalar yoshlar manfaatini ta’minlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va yangi imkoniyatlar eshigini ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.





