Jondorda DXX kubogi final bahslari qizg‘in ruhda o‘tdi
2026-05-20 14:30:00 / Yangiliklar

Jondor tumanida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” doirasida futbol musobaqalarining final uchrashuvlari hamda tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda tumanning turli mahalla fuqarolar yig‘inlarining yoshlar jamoalari faol ishtirok etib, sportga bo‘lgan qiziqish hamda g‘alabaga intilishlarini namoyon etdilar. Final bahslari murosasiz va qizg‘in kurashlarga boy tarzda o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, katta futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida “Pahlavon” MFY jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Zangi” MFY jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Mirzayon” jamoasi 3-o‘rin bilan taqdirlandi.
Mini futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda ham kuchli raqobat kuzatildi. Yakunda “Rabot” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rinni egalladi. “Qaroli” jamoasi 2-o‘rin, “Zangi” jamoasi esa 3-o‘rinni band etdi.
Mini futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “Nurafson” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Sho‘robod” jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Oqtepa” MFY jamoasi faxrli 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni ommalashtirish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.








