Ogohlik bor joyda osoyishtalik bo‘ladi
2026-10-10 15:45:00 / Yangiliklar

Hurmatli jomboyliklar!
Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarorlari ijrosi doirasida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va “mahalla yettiligi” hamkorligida jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda hududdagi 38 ta mahallaning 4 tasi “qizil”, 23 tasi “sariq” va 11 tasi “yashil” toifaga kiritilgan. Jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan “Nayman”, “Olmazor”, “Ahmadjon Qurbonov” va “Beshbola” mahallalarida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.
Shunga qaramay, joriy yilning dastlabki 9 oyida 418 ta jinoyat qayd etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 147 taga yoki 54,2 foizga oshgan. Jinoyatlarning 152 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan, 114 tasi aniqlangan va 152 tasi kiberjinoyatlardir.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar oqibatida tan jarohati yetkazish, oilaviy nizolar hamda internet firibgarligi bilan bog‘liq holatlar tashvish uyg‘otmoqda.
Joriy yilda kiberjinoyatlar bo‘yicha 152 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning 66 tasi firibgarlik, 81 tasi o‘g‘irlik bilan bog‘liq. Fuqarolarning shubhali havolalarga ishonishi, bank kartasi ma’lumotlari va maxfiy kodlarini begonalarga oshkor qilishi moddiy zarar ko‘rishiga sabab bo‘lmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlardan bank kartangizga oid maxfiy ma’lumotlarni hech kimga bermaslikni, Telegram va boshqa messenjerlar orqali yuborilayotgan shubhali havolalar hamda APK fayllarni ochmaslikni so‘rayman. “Sudga chaqiruv”, “MIBdan jarima”, “To‘yga taklifnoma” kabi nomlar ostidagi noma’lum xabarlardan ogoh bo‘ling. Internet savdosida notanish shaxslarga oldindan pul o‘tkazmang.
Shuningdek, uy-joyingiz, mol-mulkingiz va chorva hayvonlaringizni qarovsiz qoldirmang. Farzandlaringiz tarbiyasi va ularning internetdagi faoliyatiga doimiy e’tibor qarating.
Hozirda jinoyatchilik yuqori bo‘lgan mahallalarda profilaktik tadbirlar kuchaytirilib, oilaviy nizolarni bartaraf etish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
Unutmang, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki barchamizning umumiy vazifamizdir.
