Oiladagi nizolar jinoyatga aylanmasin
2026-10-10 13:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning sentabr oyida tumanimizda 49 ta jinoyat qayd etildi. Afsuski, ularning 36 tasi o‘z vaqtida profilaktik choralar ko‘rilganda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardir. Shundan 11 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.
Bu raqamlar barchamizni jiddiy o‘ylantirishi lozim. Zero, har bir jinoyat ortida inson taqdiri, oilalar osoyishtaligi va jamiyat xavfsizligi turibdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyatlarning kelib chiqishiga oilaviy kelishmovchiliklar, ichkilikbozlik, ishsizlik, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi hamda ruhiy zo‘riqish kabi omillar sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, qasddan badanga shikast yetkazish, oilaviy zo‘ravonlik va o‘g‘rilik kabi jinoyatlarning ko‘payishi tashvishlidir.
Bunday holatlarning yuzaga kelishida ayrim mas’ul tashkilotlar tomonidan xavf guruhidagi shaxslar bilan profilaktik ishlarning yetarli darajada olib borilmagani, mahallalarda jamoatchilik nazoratining sustligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Oila – jamiyatning muqaddas qo‘rg‘oni. Afsuski, ayrim hollarda aynan shu maskanda zo‘ravonlik, haqorat, tazyiq va kelishmovchiliklar sodir etilmoqda. Er-xotin, ota-ona va farzandlar, aka-uka hamda opa-singillar o‘rtasidagi nizolarning jinoyat darajasiga yetishi nihoyatda achinarli holatdir.
Unutmasligimiz kerakki, oiladagi zo‘ravonlik shunchaki ichki kelishmovchilik emas, balki qonun bilan javobgarlik belgilangan huquqbuzarlikdir. Uning ayrim shakllari jinoyat hisoblanadi.
Bunday illatlar nafaqat jabrlanuvchining sog‘lig‘i va ruhiyatiga, balki voyaga yetmagan farzandlar tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zo‘ravonlik hukm surgan muhitda ulg‘aygan bolaning kelajagi, jamiyatga munosabati va ruhiy barqarorligi xavf ostida qoladi.
Shu bois jinoyat sodir bo‘lganidan keyin uning oqibatlari bilan kurashish emas, balki jinoyatning oldini olish eng ustuvor vazifamiz bo‘lishi shart.
Bugungi kunda hududdagi kriminogen vaziyat muntazam tahlil qilinib, jinoyatchilik oshgan mahallalarda profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda. Mas’ul idoralar faoliyatiga huquqiy baho berilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Ayniqsa, oilaviy nizolarni erta aniqlash, ularni murosali hal etish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash hamda huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qadrli tumandoshlar!
Mahallamiz tinchligi, oilamiz osoyishtaligi va farzandlarimiz kelajagi uchun har birimiz mas’ulmiz.
Mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va keng jamoatchilikni oilalardagi muammolarga befarq bo‘lmaslikka, nizoli vaziyatlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasiz bo‘laylik. Atrofimizda sodir bo‘layotgan salbiy holatlarga ko‘z yummaylik. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiraylik.
Zero, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har birimizning fuqarolik burchimizdir.
