📌 Yo‘l, maktab, poliklinika: 18,5 milliard so‘m qayerga yo‘naltirildi?
2026-10-06 19:40:00 / Yangiliklar

Birinchi mavsum yakunlariga ko‘ra, “Ochiq budjet” axborot portalida jami 12 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ularning salmoqli qismi ichki yo‘llarni asfaltlashtirish, ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurish hamda ta’mirlashga qaratilgan.
Xususan, 4 925 ta ovoz to‘plagan Sarichashma mahallasidagi ichki ko‘chalarni asfaltlashtirish loyihasi uchun 1 milliard 647,7 million so‘m ajratilib, qurilish ishlari yakunlandi. To‘qqizboy mahallasidagi ichki yo‘llarni asfaltlashtirish hamda Sarichashma mahallasining boshqa ko‘chalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash loyihalari bo‘yicha ham asosiy ishlar nihoyasiga yetkazildi.
Ayni paytda tuman tibbiyot birlashmasining reabilitatsiya bo‘limiga qo‘shimcha bino, Dehqonobod mahallasidagi 18-umumta’lim maktabi hamda Qo‘lbosti mahallasidagi 38-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha o‘quv binolari qurilmoqda. Tut mahallasidagi qishloqlar ichki yo‘llarini asfaltlashtirish, 53-umumta’lim maktabida sport zali barpo etish, “Yoshlar istirohat bog‘i”ni kapital ta’mirlash hamda 40-umumta’lim maktabi infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham davom etmoqda.
Shuningdek, Sarichashma mahallasidagi 8-son oilaviy poliklinika hamda Nayman mahallasining Qoraariq qishlog‘idagi 20-son oilaviy poliklinikani rekonstruksiya qilish bo‘yicha tegishli jarayonlar olib borilmoqda.
“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumida esa 10 ta loyiha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu galgi tashabbuslarning asosiy qismi mahallalardagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan.
Tut, Juriyat, Taldirazzoq va Ko‘kgumbaz mahallalaridagi qator ichki ko‘chalarni asfaltlashtirish, 14-umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash va issiqlik tizimini yangilash loyihalari aholi tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslar qatoridan joy oldi.
Deputatlar tanlovi asosida esa Polvonariq mahallasida zamonaviy piyodalar yo‘lagi qurish hamda Saroy mahallasida maktab o‘quvchilari va aholi uchun xavfsiz piyodalar yo‘lakchasini barpo etish loyihalari g‘olib deb topildi.
Ikkinchi mavsumda g‘olib bo‘lgan loyihalarning manzilli ro‘yxati Xalq deputatlari tuman kengashi tomonidan tasdiqlanib, qurilish-ta’mirlash ishlarini tashkil etish uchun buyurtmachi tashkilotlarga yuborildi.
Eng muhimi, jomboyliklarning ovozi bilan ilgari surilgan tashabbuslar bosqichma-bosqich amaliy natijaga aylanmoqda.
