Kelajak poydevori: Jomboyda maktabgacha ta’lim tizimi qanday o‘zgardi?
2026-09-08 19:10:00 / Yangiliklar

Kelajak poydevori: Jomboyda maktabgacha ta’lim tizimi qanday o‘zgardi?
So'nggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha ta'lim sohasi alohida, ustuvor tizim sifatida shakllantirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan keng ko'lamli islohotlar va zamonaviy ta'lim metodlarining joriy etilishi Jomboy tumanida ham o'z samarasini bermoqda. Natijada davlat bog'chalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, nodavlat va xususiy sektor vakillari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
Agar raqamlar tahliliga e'tibor qaratadigan bo'lsak, 2017-yilda tumanda bor-yo'g'i 24 ta bog'cha faoliyat yuritib, ularga 936 nafar bola (3-7 yoshli bolalarning 23,9 foizi) qamrab olingan edi.
Olib borilgan izchil ishlar natijasida bugungi kunga kelib, bog'chalar soni 237 taga etdi (o'sish 10 baravar), tarbiyalanuvchilar soni 15 ming nafarga yaqinlashdi, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 74,8 foizga ko'tarildi, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 25 foizdan 96 foizga etkazildi.
Maktabgacha ta'limni rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklik hamda oilaviy nodavlat bog'chalar modeli juda katta rol o'ynadi. 2017-yilda sohada nodavlat sektorning ulushi 0 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2026-yilga kelib ushbu ko'rsatkich 52 foizga etkazildi.
Bugungi kunda tumanda davlat bog'chalari 10 taga ko'paydi, davlat-xususiy sheriklik asosida 7 ta yangi bog'cha tashkil etildi, 196 ta oilaviy nodavlat bog'cha o'z faoliyatini boshladi.
Ahamiyatlisi, ushbu nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining tashkil etilishi hisobiga 632 nafar ilgari ishsiz bo'lgan fuqaro doimiy ish bilan ta'minlandi. Buning asosiy qismini xotin-qizlar va yoshlar tashkil etadi.
Tizimda zamon talablariga mos ravishda raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Xususan, bolalarni bog'chaga qabul qilish elektron navbat va SMS-xabarnoma tizimi orqali yo'lga qo'yilgan. Oilaviy bog'cha ochish uchun ariza berish va uni ko'rib chiqish jarayonlarining raqamlashtirilishi byurokratik to'siqlar hamda korrupsion omillarni bartaraf etdi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab esa davlat bog'chalari xodimlarining davomati va tarbiyalanuvchilar hisobi biometrik identifikatsiya (shaxsni aniqlash) texnologiyasi hamda mobil ilovalar orqali yuritilishi yo'lga qo'yildi.
Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Imkoniyati cheklangan bolalar ota-onalar to'lovidan to'liq ozod etildi.Bir oiladan ikki va undan ortiq bola bog'chaga borgan taqdirda, ota-onalar to'lovi 29 foizgacha kamaytirildi. Bolalarni sog'lom va sifatli ovqatlantirishni ta'minlash maqsadida tumandagi 34 ta davlat bog'chasida «Autsorsing» tizimi joriy etildi.
Joriy yilda tuman maktabgacha ta'lim infratuzilmasini yangilash va kengaytirish bo'yicha bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. “Mening bog'cham” loyihasi doirasida 14-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining 140 o'rinli binosi to'liq rekonstruksiya qilinib, qo'shimcha 90 o'rinli yangi korpus qurib foydalanishga topshirildi.
Investitsiya dasturi doirasida 23-sonli bog'cha qayta ta'mirlanib, 120 o'rinli zamonaviy binoga ega bo'ldi.“Abu-Dabi mablag'lari” dasturi doirasida esa, Shirinkent mahallasidagi 12-sonli bog'cha negizida, 37-maktab hududida 120 o me'yorli yangi MTT binosi barpo etildi. “Islom taraqqiyoti” dasturi asosida Qoramo'yin va Beshbola MFYlarida joylashgan 48-, 50- va 52-maktablarning bo'sh turgan yer maydonlarida har biri 90 o'rinlidan bo'lgan jami 3 ta (270 o'rinli) yangi davlat bog'chalari tashkil etilmoqda. Ushbu obyektlar yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.
Risolat OCHILOVA,
tuman kengashi deputati
