📌 Har bir fuqaro ogoh bo‘lsa, jinoyat kamayadi
2026-09-08 18:55:00 / Yangiliklar

Hurmatli Jomboy tumani aholisi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan PQ-1-son qarori ijrosini ta’minlash, fuqarolarning jinoyatlardan jabrlanishining oldini olish maqsadida tumandagi kriminogen vaziyat yuzasidan murojaat qilmoqdaman.
Joriy yilning avgust oyida tuman hududida 52 ta jinoyat qayd etildi. Ularning 43 tasi profilaktik choralar ko‘rilganida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Shuningdek, 29 ta jinoyat oilaviy-maishiy muhitda sodir etilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘plab jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga oilaviy muammolar, ichkilikbozlik, ishsizlik, huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi hamda turli ruhiy zo‘riqishlar sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, “A. Qurbоnov”, “Guliston”, “Zarafshon”, “Samarqand”, “Qo‘lbosti” va “Shirinkent” mahallalarida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, kriminogen vaziyatning yomonlashgani kuzatilmoqda.
Jinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlarning ayrim hollarda yetarli darajada tashkil etilmagani, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, ishsiz va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarning sust olib borilgani, mahallalarda jamoatchilik nazoratining talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.
Shuni unutmasligimiz kerak: jinoyat sodir etilgandan keyin unga qarshi kurashishdan ko‘ra, uning oldini olish muhimroqdir.
Shu bois mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar yetakchilarini oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, muammoli holatlarni erta aniqlash va ularni bartaraf etishda faol bo‘lishga chaqiramiz. Har birimiz atrofimizdagi muammolarga befarq bo‘lmasligimiz zarur.
Firibgarlar tuzog‘idan ogoh bo‘ling!
Bugungi kunda fuqarolarimizni tashvishga solayotgan yana bir muammo — kibermakondagi firibgarliklardir.
Joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarning bank plastik kartalaridagi mablag‘larni noqonuniy yechib olish bilan bog‘liq 165 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Firibgarlar, asosan, quyidagi usullardan foydalanmoqda:
- Telegram orqali APK formatidagi zararli fayllarni yuborib, ularni ochish orqali telefon va bank ilovalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritish;
- o‘zini bank, Majburiy ijro byurosi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, karta raqami, SMS-kod va boshqa ma’lumotlarni so‘rash;
- internetdagi arzon mahsulotlar yoki qulay to‘lov shartlarini taklif qilib, oldindan to‘lov sifatida pul undirib olish;
- taniqli kompaniya yoki yirik investorlar nomidan katta daromad va’da qilib, fuqarolarni katta miqdordagi mablag‘larini o‘zlari orqali o‘tkazishga ishontirish.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Agar telefoningizga notanish shaxs qo‘ng‘iroq qilib yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar yuborib, o‘zini bank yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirsa va sizdan bank plastik kartasi raqami, SMS-kod, parol yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni so‘rasa, bunday talabni qat’iyan rad eting!
Noma’lum havolalarni ochmang, APK fayllarni o‘rnatmang va begona shaxslarga bank ma’lumotlaringizni bermang.
O‘zingizni, oilangizni va mol-mulkingizni firibgarlardan asrang!
Jinoyatning oldini olish — nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki har birimizning vazifamizdir.
