📌 Firibgarlar tuzog‘iga tushmang!
2026-09-08 18:35:00 / Yangiliklar

Birgina ehtiyotsiz so‘z janjalga, bir lahzalik qiziqqonlik tan jarohatiga, ishonuvchanlik esa yillar davomida jamg‘arilgan mablag‘dan ayrilishga sabab bo‘lishi mumkin. Bugun jinoyatchilikning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, har bir fuqaroning hushyorligi va mas’uliyatini talab etmoqda.
Hurmatli tumandoshlar!
Mamlakatimizda aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, mahallalarda sog‘lom va osoyishta muhit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jinoyat sodir bo‘lgach, uning oqibati bilan kurashishdan ko‘ra, huquqbuzarlikning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bugun bu boradagi ishlar mahalla darajasigacha tushirilib, “Mahalla yettiligi” bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi kuchaytirildi. Tumandagi 38 ta mahallaning 3 tasi “qizil”, 22 tasi “sariq”, 13 tasi esa “yashil” toifaga kiritilgan. Xususan, jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan Nayman, Olmazor va Ahmadjon Qurbonov mahallalarida vaziyat alohida o‘rganilib, jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan.
Biroq mavjud choralar bilan birga fuqarolarning hushyorligi ham nihoyatda muhim.
Joriy yilning 8 oyida tumanda sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 163 taga, ya’ni 72,4 foizga oshgan. Bu raqam barchamizni jiddiy o‘ylantirishi kerak.
Ayniqsa, fuqarolar o‘rtasidagi oddiy kelishmovchiliklarning janjalga, janjalning esa tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatga aylanayotgani tashvishli. Bunday holatlarning oldini olishda oiladagi tarbiya, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari, mahalla faollari va yarashtiruv institutining o‘rni katta.
Firibgarlar tuzog‘iga tushmang!
Bugungi kunda jinoyatchilikning yana bir xavfli ko‘rinishi — kiberfiribgarlik tobora keng tarqalmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida kiber yo‘nalishda jami 151 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shundan 15 tasi firibgarlik, 42 tasi o‘g‘irlik bilan bog‘liq.
Firibgarlar odamlarning ishonuvchanligi va axborot texnologiyalari bo‘yicha yetarli bilimga ega emasligidan foydalanmoqda. “Sudga chaqiruv”, “MIBdan jarima”, “to‘yga taklifnoma” kabi ko‘rinishdagi shubhali APK-fayllar yoki havolalar orqali fuqarolarning bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish holatlari uchramoqda.
Shu sababli:
— bank plastik kartangiz raqami, SMS-kod va parollaringizni hech kimga bermang;
— Telegram va boshqa messenjerlardagi shubhali havolalarni ochmang;
— noma’lum shaxslarning qo‘ng‘iroqlariga ishonib, shaxsiy ma’lumotlaringizni taqdim etmang;
— internetdagi haddan tashqari arzon mahsulotlar haqidagi e’lonlarga aldanmang;
— noma’lum shaxslarga tovarni olmasdan turib oldindan pul o‘tkazmang;
— onlayn savdoni imkon qadar ishonchli va rasmiy platformalar orqali amalga oshiring;
— farzandlaringizning internetdagi faoliyatiga ham e’tiborli bo‘ling.
Agar shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarga duch kelsangiz, darhol bankingizning rasmiy aloqa kanallariga murojaat qiling.
Mol-mulkingizni ham asrang
Jinoyatlarning ayrimlari esa fuqarolarning o‘z mulkiga beparvoligi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Xususan, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirish o‘g‘irlik holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois xonadon, hovli va mol-mulkni nazoratsiz qoldirmaslik, chorva va boshqa qimmatbaho buyumlarning xavfsizligini ta’minlash har bir fuqaroning o‘z manfaatiga xizmat qiladi.
Aziz tumandoshlar!
Tinchlik va osoyishtalik — o‘z-o‘zidan ta’minlanadigan ne’mat emas. Buning uchun huquq-tartibot organlari, mahalla faollari va fuqarolarning hamjihatligi zarur.
Bugun jinoyatlarning barvaqt oldini olish, oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yoshlar o‘rtasida qiziqqonlikning oldini olish, kiberfiribgarlikdan himoyalanish va o‘z mol-mulkimizni asrash — barchamizning umumiy vazifamizdir.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamiz va o‘z tinchligimizni o‘zimiz asraylik. Hushyorlik va hamjihatlik — xavfsiz hayotimizning eng muhim kafolatidir.
