Fermerlarga buxgalteriya xizmati: Kimlarga bepul?
2026-08-22 21:05:00 / Yangiliklar
Yangi nizomga muvofiq, “Soliq-servis” AJning hududiy bo‘limlari fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Bu fermerlarning hisob-kitob ishlarini tartibli olib borishi, soliq va moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishiga ko‘maklashadi.
Ayrim xizmatlar bepul
Belgilangan tartibga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
Yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga esa ularning xohishiga ko‘ra, dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmatlari uchun haq olinmaydi.
Rahbari yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari uchun mazkur xizmatlardan 2 yil davomida bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan. Bu yosh fermerlarga faoliyatining dastlabki bosqichida hisob-kitob va hisobot bilan bog‘liq ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda amaliy ko‘mak beradi.
Qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?
Hududiy bo‘limlar fermer xo‘jaliklarini buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish tizimiga qabul qilib, xo‘jalik hisobini tashkil etish va yuritishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
Jumladan, xo‘jalik xodimlarining ish haqi, soliqlar va boshqa to‘lovlari hisoblab chiqiladi, soliqlar va yig‘imlar hisobi yuritiladi. Shuningdek, soliq, moliyaviy hamda statistik hisobotlar tayyorlanadi. Zarur hollarda inventarizatsiya jarayonlarida ham ishtirok etiladi.
Yangi tartib fermer xo‘jaliklarida moliyaviy intizomni mustahkamlash, hisob-kitoblarni qonunchilik talablariga muvofiq yuritish va hisobotlarni o‘z vaqtida topshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fermerlarning ma’muriy yukini kamaytirish va hisobotlarda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olishga ko‘maklashadi.
Sh.X. Abduraxmonov,
Jomboy tumani Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
