Ta’limda imkoniyatlar tenglashmoqda
2026-08-10 16:20:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida belgilanayotgan yangi chora-tadbirlar ana shu tamoyilga asoslanadi. Qabul qilingan qaror bilan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar, nogironligi bo‘lgan abituriyent va pedagoglar uchun ta’lim jarayonida qator yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, 2027/2028-o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida belgilangan vaqtga qo‘shimcha ravishda uning 50 foizi miqdorida vaqt beriladi. Bu tartib nogironligi bo‘lgan pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish hamda milliy sertifikat olish bo‘yicha sinovlarga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, imtihonlarda Braille alifbosidagi, audio va elektron shakldagi materiallardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali talabgorning jismoniy imkoniyati emas, bilimi va salohiyatini xolis baholash uchun zarur sharoit ta’minlanadi.
Islohotlar maktab ta’limida ham muhim o‘zgarishlarni nazarda tutmoqda. 2026/2027-o‘quv yilidan ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni har bir bolaning individual ta’lim ehtiyoji, funksional imkoniyati va o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqib ishlab chiqiladigan individual ta’lim rejasi asosida tashkil etiladi. Ya’ni ta’lim jarayonida har bir o‘quvchining o‘ziga xos imkoniyat va ehtiyojlari alohida hisobga olinadi.
2027-yil 1-maydan esa alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida zamonaviy assistiv — yordamchi jihozlar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunday vositalar bolalarning darslarda faol qatnashishi, mustaqil bilim olishi va kundalik hayotdagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirishga nodavlat ta’lim muassasalari ham faol jalb etiladi. 2026-yil 1-sentabrdan korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi belgilangan. Subsidiya har bir o‘quvchi uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari, viloyat markazlari va Nukus shahrida 9,5 baravari, boshqa tuman va shaharlarda esa 8,5 baravari miqdorida ajratiladi.
Bu raqam va tartiblar ortida esa bir bolaning maktabga bemalol borishi, darsni tushunishi, imtihonda o‘z bilimini to‘laqonli namoyon etishi va kelajak kasbini egallashi kabi hayotiy masalalar turibdi.
Zero, inklyuziv ta’lim — kim uchundir yaratilayotgan alohida imtiyoz emas. U har bir insonning bilim olish huquqini amalda ta’minlashga qaratilgan teng imkoniyatdir. Yangi islohotlarning eng katta ahamiyati ham shunda: ta’lim eshigi har bir bola uchun birdek ochiq bo‘lishi kerak.
Sherzod ABDURAHMONOV,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
