Manzilingizni o‘zgartirdingizmi? Uni ro‘yxatdan o‘tkazishni unutmang!
2026-07-03 19:20:00 / Yangiliklar

Qonunga ko‘ra, turar joy mulkdori yoki undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs o‘z uyida yashayotgan fuqarolarni belgilangan tartibda va o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi lozim. Mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida vaqtincha turgan shaxslar, shuningdek statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan fuqarolar mas’ul xodimlar tomonidan “E-mehmon” axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yangi tug‘ilgan bolaning tug‘ilganligi FHDY organlarida qayd etilgach, uning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi “Manzil” axborot tizimi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi. O‘n olti yoshga to‘lmagan bolalarni ro‘yxatdan o‘tkazish ota-onasi yoki qonuniy vakilining arizasiga asosan bajariladi.
Yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda qariyalar uylarida yashovchi shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish tegishli muassasa rahbarlarining murojaatiga asosan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatimizga kirgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida, boshqa davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa, xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, uch ish kuni ichida turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Qonun talablariga rioya etish har bir fuqaroning mas’uliyati bo‘lib, bu davlat xizmatlaridan foydalanish, huquq va manfaatlarni himoya qilish hamda migratsiya tizimining samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
Shoxrux XODJIMETOV,
tuman IIB migratsiya va PB boshlig‘i.
