Jomboy tuman fermerlari kengashi rayosatining fermerlarga murojaati
2026-07-03 15:10:00 / Yangiliklar

Xususan, hosil yilining 1-avgustiga qadar imtiyozli kreditlarni to‘liq qaytargan fermerlarga foiz to‘lovlarining 4 foizi davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, 2026-yil hosilidan boshlab bug‘doyni o‘z mablag‘i yoki tijorat banki krediti hisobidan yetishtirib, belgilangan tartibda realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga sotilgan mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, dizel yoqilg‘isi xarajatlarini qisman qoplash uchun 2 million so‘m subsidiya berilishi ham fermerlarning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalangan ko‘plab fermerlar davlat resursi va vaqtinchalik saqlash bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib, har gektardan 100 sentnerdan ortiq hosil yetishtirishga erishdi. Natijada ularning daromadi oshib, qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish imkoniyati ham kengaydi.
Afsuski, ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik bo‘yicha majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilmayotgani kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq, shartnoma majburiyatlari o‘z vaqtida bajarilmagan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun bajarilmagan majburiyat qiymatining 0,5 foizi miqdorida penya undiriladi. Penya to‘lanishi esa yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini bekor qilmaydi.
Shuningdek, yer uchastkasidan oqilona foydalanmaslik hamda shartnoma shartlarini buzish yer ijara shartnomasining bekor qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois barcha fermerlarni quyidagi vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga chaqiramiz:
- yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda, nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan yig‘ishtirib olish hamda davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq bajarish;
- imtiyozli kreditlarni belgilangan muddatda qaytarib, 4 foizlik kompensatsiya va boshqa imtiyozlardan samarali foydalanish;
- shartnoma majburiyatlarini buzishga, jarima va penya qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- g‘alladan bo‘shagan maydonlarni tezkor ravishda takroriy, daromadli va eksportbop ekinlar bilan band etish.
Aziz fermerlar!
Xalqimiz dasturxonining to‘kinligi, bozorlarda non va non mahsulotlari narxining barqarorligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi ko‘p jihatdan sizning fidokorona mehnatingizga bog‘liq.
Yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida davlat resursi, vaqtinchalik saqlash hamda urug‘lik bo‘yicha zimmanizdagi majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishingizga ishonamiz.
Jomboy tuman fermerlari kengashi rayosati
