Sug‘urta agentlari faoliyatiga yangi talablar belgilandi
2026-06-16 18:15:00 / Yangiliklar

Mazkur nizomga ko‘ra, sug‘urta agenti bir vaqtning o‘zida sug‘urtalovchi kompaniyaning boshqaruv va nazorat organlari a’zosi, rahbari yoki xodimi sifatida faoliyat yurita olmaydi.
Shuningdek, sug‘urta agentlariga sug‘urta shartnomalarini elektron shaklda, sug‘urtalovchining yoki o‘zining axborot tizimlari orqali rasmiylashtirish huquqi berildi. Bunda tuzilgan sug‘urta shartnomalari (polislari) haqidagi ma’lumotlar Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya orqali o‘z vaqtida yuborilishi shart.
Nizomga muvofiq, sug‘urta agenti faqat o‘zi bilan topshiriq shartnomasi (agent bitimi) tuzgan sug‘urtalovchining reyestriga kiritilgandan keyingina faoliyat boshlashi mumkin. Topshiriq shartnomasi tuzilgan yoki bekor qilingan taqdirda, bu holat bir kun ichida Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etilishi lozim.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs bo‘lgan sug‘urta agentlari o‘z nomiga yoki yaqin qarindoshlari nomiga sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirishga, shuningdek, bunday shartnomalarda agent sifatida ishtirok etishga haqli emas. Yuridik shaxs bo‘lgan sug‘urta agentlari ham o‘zlari sug‘urta qildiruvchi sifatida qatnashadigan shartnomalarda agent vazifasini bajara olmaydi.
Nizomda sug‘urta agentining qonunchilikda belgilangan vazifalarini boshqa fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi ham alohida belgilangan.
Shuningdek, bank kreditlari bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalarini tuzishda kredit beruvchi tijorat banklari O‘zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan sug‘urtalovchilar nomidan sug‘urta shartnomalari tuzilishini tashkil etish faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Shohruh Haydarov,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
