📌 Har bir bola iste’dod egasi
2026-06-01 13:55:00 / Yangiliklar
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar ishtirokida “Maftunkor ranglar jilosi” nomli rasmlar tanlovi hamda shaxmat-shashka musobaqasi tashkil etildi.

Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan qatnashib, chizgan rasmlarini hakamlar hay’atiga taqdim etishdi. Rasmlarda ona tabiatning betakror manzaralari, turli hayvon va qushlar tasviri, shuningdek, interyer va tasviriy san’atning boshqa yo‘nalishlari o‘z aksini topdi. Bolajonlarning ranglar uyg‘unligini nozik his etib, katta did va mahorat bilan ishlagan ijod namunalari tadbir qatnashchilarida iliq taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida shaxmat va shashka musobaqalari ham o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar o‘zlarining mantiqiy fikrlash qobiliyati, ziyrakligi va intellektual salohiyatini namoyon etishdi.
Faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.








