🔵 “Boxin” quvvati ikki barobarga oshiriladi
2026-05-26 16:10:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida tumanimizda faoliyat yuritayotgan “Boxin” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi faoliyatini yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Muzokaralarda korxonaning bugungi faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilishicha, korxona ayni paytda kuniga 300 ming dona polietilen qop ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarga nafaqat ichki bozorda, balki xorijiy mamlakatlarda ham talab yuqori bo‘lib, bu esa ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Uchrashuv yakunida “Boxin” xorijiy korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlashga ixtisoslashgan yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or uskunalar olib kelinishi natijasida korxonaning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshiriladi.
Mazkur loyiha yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda hudud sanoat salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mahsulot turlarining ko‘payishi hisobiga eksport hajmini oshirish va korxonaning tashqi bozorlardagi ishtirokini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.


