Fuqarolarni ro‘yxatga olishda yangi tartiblar joriy etildi
2026-05-26 19:00:00 / Yangiliklar

Nizomga muvofiq, mazkur sohada vakolatli organ etib ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari belgilandi. Fuqarolarni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni fuqaro va turar joy mulkdorining o‘zaro ishtirokida amalga oshiriladi. Ularning roziligi esa “Face-ID” yoki “Mobile-ID” tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan turar joy mulkdori ulardan faqat bittasiga yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar ota-onasi, ulardan biri yoki vasiysi (homiysi) ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Fuqarolar yangi yashash joyiga ko‘chib kelgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Shu bilan birga, turar joy mulkdori ham fuqaroni o‘z manziliga ro‘yxatdan o‘tkazish yuzasidan vakolatli organga xabar berishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatlaridan foydalanish uchun fuqarolarga bir qator qulay imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, davlat xizmatlari markazlari, “Aqlli” migratsiya shoxobchalari orqali shaxsan yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda “E-xabar berish” tizimi orqali onlayn murojaat qilish mumkin.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanish, yashash va turar joy tanlash huquqi cheklanishi mumkin. Bular qatoriga chegara hududlari, yopiq harbiy shaharchalar, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalar hamda favqulodda holat yoki safarbarlik e’lon qilingan hududlar kiradi.
Sherzod ABDURAHMONOV,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.
