Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi
2026-05-26 18:25:00 / Yangiliklar

Ariza topshirishda chet el pasportining nusxasi, O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi viza yoki boshqa rasmiy hujjatlar talab etiladi. Soliq qo‘mitasi huzuridagi maxsus komissiya arizalarni ko‘rib chiqadi va natija bo‘yicha bir ish kuni ichida murojaatchiga elektron xabarnoma yuboradi.
Ijobiy xulosa berilgan taqdirda, chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i ochishi yoki kripto-hamyon yaratishi hamda 50 ming AQSh dollari miqdoridagi maxsus yig‘imni to‘lashi lozim bo‘ladi.
Maxsus soliq rejimi barcha talablarni bajargan chet el fuqarolari hamda ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga arizada ko‘rsatilgan soliq davri uchun, biroq 5 yildan oshmagan muddatga beriladi.
Shu bilan birga, mazkur rejim tegishli nizom talablariga zid holatlar aniqlanganda, sud qarori asosida, chet el fuqarosi vafot etgan taqdirda ayrim hollarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin. Rejim bekor qilinganda vakolatli organ bir ish kuni ichida fuqaroning shaxsiy kabinetiga yoki elektron pochta manziliga xabarnoma yuboradi.
Ta’kidlash joizki, maxsus soliq rejimini joriy etish jarayonida vakolatli organlar tomonidan olingan barcha ma’lumotlarning maxfiyligi qat’iy ta’minlanadi.
Shohruh HAYDAROV,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti.
