Jomboyda bodom plantatsiyasi barpo etilmoqda
2026-03-27 19:45:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida 25 gektar maydonda barpo etilayotgan bog‘ning umumiy qiymati 2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Hududda 13 ming 700 tup bodom ko‘chati ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yerda nafaqat bog‘, balki mahalliylashtirilgan ko‘chatxona va zamonaviy issiqxona ham tashkil etiladi. Natijada 15 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, “Jomboy agro start” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanimizning 10 ta mahallasida “Bodomchilik ko‘chasi” loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida 152 nafar tomorqa yer egalari uchun 3 ming 130 tup ko‘chat yetkazib berilishi belgilangan. Sariqipchoq mahallasida esa 18 ta dehqon xo‘jaligining 5 gektardan ortiq yer maydonida bog‘ tashkil etish maqsadida 2 ming 250 tup ko‘chat yetkazib berish ishlari boshlab yuborildi.
– Qoramo‘yin mahallasida 2 gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Samad Saidov. – Ushbu loyiha doirasida ko‘chatchilikni rivojlantirish va mahalliylashtirish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 120 mingdan ortiq ko‘chat yetishtirish imkoniyati yaratiladi.
Hududda bundan ham keng ko‘lamli agrosanoat majmuasini barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Qiymati 16 milliard so‘m bo‘lgan ushbu majmuada ixtisoslashtirilgan ofis binosi, “tomorqa maktabi”, ta’minot va sotuv markazi, agroxizmatlar ko‘rsatish tizimi, transport-logistika markazi, 200 tonnalik muzlatkich, shuningdek, mahsulotlarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash sexlari qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Sag agro” va “Ohalik oltin bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda 165 gektar maydonda 82,5 ming tup bodom ko‘chati ekilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarga xorijiy tajribani joriy etish maqsadida eronlik agronom Jalol Zioyi jalb etilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy yilda “Jomboy agro start” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 25 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshiriladi. Shundan 9,5 milliard so‘mlik 8 ta loyiha aynan tuman hududida hayotga tatbiq etiladi. Jumladan, Polvonariq mahallasida 4 ta, Ahamadjon Qurbonov va Sariqipchoq mahallalarida 2 tadan bodom plantatsiyalari tashkil etiladi.
Shuningdek, 450 nafar tomorqa yer egalari 9 ming tup bodom, pista va yong‘oq ko‘chatlari bilan ta’minlanadi. Joriy yilda 60 gektar bodom va 10 gektar pista plantatsiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Shu asosda tumandagi 18 ta mahalla ma’lum turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar natijasida 450 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, hududda agrar sohaning barqaror rivojiga mustahkam zamin yaratiladi.



