Yoshlar uchun subsidiya va grantlar kengaymoqda
2026-03-25 17:55:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilib, aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, eng avvalo, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun aniq miqdorlarda grant va subsidiyalar belgilangan. Xususan, kamida 3 nafar shunday oilalar a’zolari ishtirokidagi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60 baravarigacha grant ajratiladi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa parasport to‘garaklariga qatnashish maqsadida yo‘lkira xarajatlari BHMning 1 baravarigacha qoplab beriladi. Sport va san’at to‘garaklariga kamida 6 oy davomida muntazam qatnashayotgan yoshlar uchun esa sport formasi, inventar yoki musiqa asboblari xaridi uchun BHMning 10 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
Yoshlarning kasb egallashi ham alohida e’tiborda. Jumladan, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kurslari uchun BHMning 8 baravarigacha subsidiya beriladi. Bu esa ko‘plab yoshlarning tezroq kasb egallashiga xizmat qiladi.
Ta’lim yo‘nalishida ham muhim yengilliklar mavjud. Kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar uchun to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, yoshlarning tadbirkorlik, zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun o‘quv kurslari xarajatlari 6 oygacha muddatda har oyda BHMning 4 baravarigacha qoplab beriladi. Iqtidorli yoshlar uchun esa ilm-fan, sport va madaniyat yo‘nalishidagi kurslar uchun har oyda BHMning 1 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
Yoshlarning turli tanlov va musobaqalarda ishtirok etishi ham qo‘llab-quvvatlanadi. Mahalliy bosqichdagi tadbirlar uchun BHMning 4 baravarigacha, xalqaro bosqichdagi musobaqalar uchun esa BHMning 40 baravarigacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ijara yoki jihozlar xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha kompensatsiya beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar uchun ham muhim yengilliklar bor. Ularning ijara to‘lovlari 50 foizgacha, biroq hududlarga qarab BHMning 2 baravarigacha, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida esa BHMning 3 baravarigacha miqdorda 12 oygacha qoplab beriladi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarning 14–30 yoshdagi a’zolari uchun davolanish xarajatlari ham qoplanadi. Jumladan, jarrohlik amaliyotisiz davolanish uchun BHMning 50 baravarigacha, jarrohlik amaliyotlari esa belgilangan bazaviy narxlar asosida moliyalashtiriladi.
Mahalla darajasida esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatini oshirish hamda huquqiy savodxonligini rivojlantirishga har oy BHMning 20 baravarigacha, yil davomida esa jamg‘arma tushumlarining 25 foizidan oshmagan qismi yo‘naltiriladi.
Zafar Xaqimov,
tuman hokimligi bosh yuriskonsulti.
