Gaz ta’minotidagi kamchiliklar: fuqarolar manfaatiga jiddiy tahdid
2026-03-27 17:05:00 / Yangiliklar

Sud muhokamalari jarayonida ma’lum bo‘lishicha, iste’molchilarga nisbatan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik haqida rasmiylashtirilgan dalolatnomalar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga to‘liq javob bermaydi. Bu esa o‘z navbatida, asossiz ravishda qarzdorliklar hisoblanishiga va fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelgan.
Ahamiyatlisi, mazkur holatlar natijasida jami 680 million so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz hisoblangani sud tomonidan aniqlanib, qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha tegishli tashkilot zimmasiga majburiyat yuklatildi.
Bu holatlar gaz ta’minoti sohasida mas’ul xodimlar o‘z vazifalariga loqayd yondashayotganini ko‘rsatadi. Qonun talablariga rioya etilmasligi esa nafaqat fuqarolar manfaatiga, balki davlat manfaatlariga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Sud tomonidan mazkur holatlarga huquqiy baho berilib, mas’ul tashkilotga kamchiliklarni bartaraf etish, aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli xabarnoma yuborildi.
Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish – adolatli jamiyatning asosiy shartidir. Har bir qaror ortida inson taqdiri turganini unutmaslik esa barcha mas’ullar uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmog‘i lozim.
Sh. Omonov
Fuqarolik ishlari bo'yicha Jizzax tumanlararo sudi raisi
