Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish
2026-03-17 08:05:00 / Yangiliklar

O‘tgan davr mobaynida sud-huquq sohasiga oid ellikdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, sud tizimi faoliyatini tartibga soluvchi oid qonunlar islohotlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqildi.
Tashkiliy jihatdan ham sud faoliyatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Sudyalarning ixtisoslashuviga alohida e’tibor qatilib, qator huquqiy institutlar joriy etildi.
Sudlarning moliyaviy mustaqilligi yanada mustahkamlanib, ularning faoliyati faqat Davlat budjetidan amalga oshirilishi belgilandi.
Sud organlari faoliyatida fuqarolar uchun soddalashtirilgan va qulay tartib-taomillar joriy etilmoqda. Sud tizimida “yagona darcha” prinsipi joriy etilib, ariza taalluqliligiga ko‘ra tegishli sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazilishi belgilandi.
Sud ishlarini ko‘rishda tezkorlikni ta’minlash va protsessual muddatlarni tejash maqsadida sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu o‘zgarishlar sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, fuqarolar ortiqcha ovoragarchiligining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga Davlatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash va odil sudlov erishish mexanizmini zamon talablariga moslashtirish uchun Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 24-noyabrdagi “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-227-sonli farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon bilan sud tizimining keyingi rivojlanish yo‘nalishlari belgilab berilib, amaldagi islohotlarning davom etirishga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Mazkur farmon bilan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari belgilanib, unga ko‘ra:
sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash;
sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash;
sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish ustuvor maqsad qilib belgilangan.
O‘z navbatida mazkur farmonda sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshiriladigan harakatlar belgilangan bo‘lib, ushbu harakatlar sifatida:
sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibini bekor qilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibini belgilash;
tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibini o‘rnatish;
sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda «halollik», «kasbiy layoqatlilik» va «sudyalik odobi qoidalariga rioya etish» talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash nazarda tutilgan.
Shuningdek, Sudyalar oliy kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etilishi. Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkinligi;
Jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi a’zolari tarkibiga nomzodlar huquq sohasidagi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.
Ushbu farmonda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlik darajasini oshirish va sud boshqaruvini takomillashtirish yuzasidan amalga oshiriladigan harakatlar sifatida:
Kengashning rasmiy veb-saytida sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi;
sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borish amaliyoti joriy etish nazarda tutilgan.
Farmonda sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar belgilangan bo‘lib:
adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish;
Kengash a’zolarining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash borasidagi faoliyatiga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini belgilash;
sudyalar va sud xodimlari kunini belgilash nazarda tutilgan.
Shu vaqtga qadar “Sudyalar va sud xodimlari kuni” belgilanmagan bo‘lib, ushbu tadbirni amalga oshirish ushbu farmon bilan mustahkamlanmoqda.
Farmonda shuningdek, sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash va ilmiy salohiyatni oshirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar ham belgilangan bo‘lib, sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash maqsadida:
Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilash;
tashabbuskor sudyalar guruhi tomonidan O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgani ma’lumot uchun qabul qilingan.
Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan farmon — sud hokimiyatining ertangi qiyofasini belgilab beruvchi muhim strategik hujjatdir. U sud tizimini zamonaviy davlat boshqaruvi talablariga moslashtiribgina qolmay, sudyalar hamjamiyati organlarining rolini oshirish, ochiq va shaffof mexanizmlar asosida sudlarni malakali kadrlar bilan to‘ldirish, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash va boshqa yana bir qator masalalarning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam va ishonchli poydevor yaratadi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi
S.A.Nabiyev
