O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish tartibi
2026-03-17 07:35:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 47-moddasida, har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi belgilangan.

Lekin, sud amaliyotiga nazar tashlasak, fuqarolar tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va ruxsatnomasiz bino-inshoot qurib, qurilish normalari va qoidalarini, ishlarni bajarish va topshirishda texnik shartlarni, obyektni ishga tushirish qoidalarini buzish hollatlari ko‘plab kuzatilmoqda.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashga va yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan Kadastr agentligi hududiy bo‘limlari tomonidan bunday holatlar aniqlanganda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 60 va 99-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganligida aybdorlik masalasini hal etib, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani buzdirish, yer maydonini foydalanish uchun yaroqli xolatga keltirish majburiyatini yuklash haqidagi da’vo ariza bilan murojaat qilinadi.
Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 212-moddasi 1-qismida, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanishi qayd etilganligi, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozimligi belgilangan.
O‘z navbatida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar mazkur toifadagi da’vo arizalari bo‘yicha javobgar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, qurilma binosi qurib, noqonuniy qurilmani bartaraf etmaganligi holatlari dalolatnoma, fotosuratlar bilan tasdiqlanishiga alohida e’tibor qaratadi. Shu bilan birga javobgarga noqonuniy qurilishni bartaraf etish borasida ogoxlantirish xati tegishli tartibda yuborilib, noqonuniy qurilma bartaraf etilgan etilmaganligi o‘rganilib, yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Shu o‘rinda, o‘zboshimchalik bilan yer maydonini egallab, imorat qurganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 60 va 99-moddalarida sanksiyalarida nazarda tutilgan jazo tayinlanadi va sud tomonidan imoratni buzish to‘g‘risida qaror chiqarilishini har bir fuqaro anglashi lozim.
Bundan tashqari, noqonuniy qurilishni sotish, hadya qilish, ijaraga berish yoki boshqa bitimlarni amalga oshirish mumkin emas.
O‘zboshimchalik bilan egallab turgan yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish va undagi qurilmani buzdirish to‘g‘risidagi ishlarda kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish uchun ajratilmagan yer uchastkasida qonunga xilof qurilish obyektini barpo etgan shaxslar insofli mulkdor deb tan olinmaydi, shunga ko‘ra sudlar ularga egalik huquqini belgilash yoki mansabdor shaxslarga bunday majburiyat yuklashga haqli emas.
Demak, o‘zboshimchalik bilan imorat qurishdan oldin, dastlab yerga nisbatan g‘oliblik bayonnomasi asosida mulk huquqini qonuniy asoslarda qo‘lga kiritishi, kadastr idorasi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, mulkdor o‘z huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, har kim qonuniy asoslarda mulkdor bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Do‘stlik tumanlararo sudi sudyasi Inoyatov Botir Raxmatovich
