Jizzax shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2026-01-28 15:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida viloyatdagi tashkilot va idoralar rahbarlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar, murojaatlar va shikoyatlar atroflicha o‘rganildi. Tadbir ochiq muloqot va bevosita savol-javob shaklida o‘tkazilib, unda tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb masalalar — yer ajratish, kredit olish, ruxsatnomalar, infratuzilma, soliq va huquqiy masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.
Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimov tomonidan har bir murojaat alohida ko‘rib chiqilib, ularning qonuniy yechimi yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar ijroga qabul qilinib, nazoratga olindi.
Shuningdek, uchrashuvda davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida ochiqlik, shaffoflik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz to‘siqlarni bartaraf etish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.








