“Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasi xududiga kirish bilan bog‘liq jinoyatlar” mavzusi yuzasidan.
2026-01-22 18:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan o‘tishning belgilangan tartibi chet davlatlar bilan o‘zaro foydali hamkorlik olib borish, chegara, bojxona, sanitar-karantin, veterinar va boshqa nazorat turlarini amalga oshirish, davlat mustaqilligi hududiy yaxlitligi, chegaralarning daxlsizligini mustahkamlash, chegara kelishmovchiliklarini tinch yo‘l bilan hal qilish, davlat sarhadlarida, shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish maqsadida o‘rnatilgan.
Shunday bo‘lsa-da, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish orqali muhim maqsadlarni ko‘zlab belgilangan davlat chegarasidan o‘tish qoidalarini buzish holatlari kuzatilmoqda.
Buning oqibatida davlatda tartibsizlik yuzaga kelishi, mamlakat xavfsizligi, suvereniteti va tinchligiga rahna solinishi, qonunga xilof boshqa qilmishlarning oshishi, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda salbiy holatlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish jinoyatining ijtimoiy xavfliligi yuqori bo‘lib, bunday qilmishlarga qarshi kurashish har qanday davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Amaldagi Jinoyat kodeksining 223-moddasi qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish uchun jinoiy javobgarlik o‘rnatgan bo‘lib, ushbu jinoyatlar tarkibini batafsil tahlil qilish, mazkur jinoyatlarga qarshi kurashish va oldini olish yuzasidan profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqish bugungi kunda jinoiy javobgarlik va jazo tayinlashni liberallashtirish jarayonida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi JK 223-moddasi ikkinchi qismida qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirishning jazoni og‘irlashtiruvchi holatlari keltirilgan bo‘lib, ulardan biri JK 223-moddasi ikkinchi qismining “d” bandi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi belgilangan tartibda cheklangan shaxs tomonidan chegarani kesib o‘tilishidir.
2013 yil 4 yanvardagi Qonun orqali JK 223-moddasi 2-qismi “d” bandida jinoyatning O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi belgilangan tartibda cheklangan shaxs tomonidan sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilandi.
Ammo, mazkur holat yuzasidan haligacha biror tushuntirish berilmagan. Faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari va O‘zbekiston Respublikasidan ketishlari tartibida mazkur masala yuzasidan tegishli normalar belgilangan.
Xorijiy fuqaroning O‘zbekiston Respublikasiga kelishi quyidagi hollarda rad etilishi mumkin, ya’ni O‘zbekiston Respublikasiga kirishi mumkin emas:
a) milliy xavfsizlik yoki jamoat tartibini muhofaza qilishni ta’minlash manfaatlari yo‘lida;
b) agar bu O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va boshqa shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa;
v) agar shaxs chet el terrorchi, ekstremist va boshqa jinoiy tashkilotlarning faoliyatiga aloqador bo‘lsa;
g) agar shaxs o‘zi haqida qasddan soxta ma’lumotlar bergan bo‘lsa yoki zarur hujjatlarni taqdim etmagan bo‘lsa;
d) agar shaxs ilgari xorijiy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelish-ketish tartibini hamda bu yerda bo‘lish qoidalarini, O‘zbekiston Respublikasining bojxona, valyuta va boshqa qonunchiligini buzganligi aniqlangan bo‘lsa;
ye) agar shaxs kasal bo‘lsa yoki uning salomatligi jamiyat xavfsizligi va sog‘lomligiga xavf tug‘dirsa hamda ushbu kasallik O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ–4079-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘rsidagi nizomning 39-bandiga muvofiq, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishni rad etish uchun asoslar belgilangan bo‘lib, mantiqan ushbu ro‘yxatdagi shaxslarni O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi cheklangan shaxslar toifasiga kiradi. Ular quyidagilar:
a) agar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa – ishyuzasidan uzil-kesil sud qarori yoki boshqa qaror qabul qilingungacha;
b) agar shaxs ichki ishlar organlarining ma’muriy nazoratida bo‘lsa – nazorat to‘xtatilgungacha;
v) agar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo va shartli hukm qo‘llanilgan bo‘lsa – jazoni o‘tab bo‘lgunigacha yoki jazodan va shartli hukmdan ozod qilingunigacha;
g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa – majburiyatlar ijro etilgunga qadar, voyaga yetmagan bolalarni ta’minlash uchun alimentlar oldindan to‘langanligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ma’lumotnomalari bilan tasdiqlangan holatlar bundan mustasno;
d) agar shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan soxta ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa;
ye) agar shaxsga nisbatan vakolatli organlarning mazkur shaxs xorijda bo‘lganida borgan mamlakatining qonunlarini buzganligi to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek, xorijga chiqishi maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatuvchi axboroti (qonun buzilishlar ro‘yxati tegishli organlar tomonidan belgilanadi) mavjud bo‘lsa – u hisobga qo‘yilgan kundan boshlab ikki yil o‘tgungacha.
Faqatgina, qonunda belgilanganidek, siyosiy boshpana huquqidan foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish, agar tegishli subyektlar – chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmasa, qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga kirish holati jinoyatining tarkibini hosil qilmaydi.
Boshqa barcha holatlarda, qilmish javobgarlikka tortilishi lozim va jazoga sazovardir.
Shunday qilib, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish jinoyati shaxs Davlat chegarasini O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini beruvchi haqiqiy hujjatlarsiz yoxud O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda olingan tegishli ruxsatnomasiz yoki ular mavjud bo‘lganda, Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktidan boshqa joyda kesib o‘tgan holda mavjud bo‘ladi.
Xulosa sifatida aytishimiz mumkunki, yuqorida JKning 223-moddasini takomillashtirish bo‘yicha bildirgan taklif, ushbu sohada amaliyotda yuzaga kelayotgan noaniqlik va bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Sanjarbek Rasulov
Jizzax shahar sudining raisi
