Jizzaxda ilk raqamli podstansiya ishga tushirildi
2025-01-03 09:00:00 / Yangiliklar
Energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli ta’minlash maqsadida viloyatimizda qator loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022-yil 28 dekabrdagi qaroriga asosan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 220 kV li havo liniyasi hamda 220 kV li “Zafarobod” raqamli podstansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish belgilangan edi. Bugungi kunga kelib quvvati 500 Megavattli ushbu investitsion loyiha qurilishi yakuniga yetkazildi.
Viloyatimiz aholisi va yirik ishlab chiqarish korxonalarini elektr energiya bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida “Zafarobod” raqamli podstansiyasini qurish loyihasi Forish tumanining “Egizbuloq” MFY hududida olib borildi. Qurib bitkazilgan podstansiya O‘zbekistonda birinchi raqamlashtirilgan tizimda ish olib boradigan, viloyat iqtisodiyoti uchun muhim sanalgan elektr energiya yetkazib beruvchi muhim inshootlardan biri bo‘ldi.
Mazkur investitsion loyihani moliyalashtirish Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Pudratchi sifatida tenderda 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlar kompaniyalari qiziqish bildirdi. Ular orasidan xitoylik muhandis-mutaxassislar loyihani qo‘lga kiritib, qariyb ikki yil mobaynida ushbu raqamli podstansiya bunyod etildi.
—Podstansiyaning qurilish loyihasi uchun 60 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi, ayni paytda shanhaylik muhandislar bilan podstansiya uskunalari va asosiy boshqaruv serverlarini mahalliy ishchilarga o‘rgatish jarayonlari ketmoqda,—deydi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax magistral elektr tarmoqlari rahbari G‘ayrat Ahmedov.
“Zafarobod” raqamli podstansiyasini qurishda bosh pudratchi sifatida Xitoyning “Shanghai Electric Group”, liniya tortishda esa “Syncro” kompaniyalari jalb qilindi. Kelishuvga muvofiq Xitoydan kelgan muhandislar 2024-yilning dekabr oyida loyihani ishga tushirish va elektr energiyasini uzatish bo‘yicha aholi va yirik korxonalalar uchun ishonchli energiya kafolatini ta’minlashi rejalashtirilgan. Unga asosan Jizzaxdagi yirik sanoat korxonalariga uzluksiz katta kuchlanishdagi elektr energiyasini yetkazish vazifasi yuklatilgandi.
—Raqamli podstansiya to‘liq quvvat bilan ishlashga tayyor,—deydi xitoylik muhandis Dong In Liang. Ushbu loyiha mamlakatingizda energetika sohasida muhim bo‘g‘inga aylanadi. Chunki bu juda katta elektr quvvatini taqdim etadi. O‘zbekistonda bayram shukuhi kezib yurgan pallalarda muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida qurilgan birinchi raqamli podstansiya bilan jizzaxliklarni, qolaversa, butun o‘zbekistonliklarni yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Qurilish loyihasiga ko‘ra, mazkur podstansiyaga 280 km uzunlikdagi 220 kVli havo liniyasi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan tortiladi. Buning uchun mazkur liniya Sirdaryo viloyatining Shirin va Yangiyer shaharlari, Xovos tumanidan o‘tib, Jizzax viloyatining Zomin, Paxtakor, Sharof Rashidov, Zarbdor va Forish tumanlari hududlarini bog‘laydi.
Podstansiyaning ishga tushirilishi bilan Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik, Mirzacho‘l hamda Jizzax shahri aholisini bir qismining elektr ta’minoti yanada yaxshilanadi.