“Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Jizzax viloyati “Eng faol stend” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi
2024-11-27 09:20:00 / Yangiliklar
21-23-noyabr kunlari “Ipak yoʻlida turizm” 29-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Jizzax viloyati pavilyonida “Hello Zomin”, “E-Margo Travel”, “Asila tour”, “Mountain Travel”, “Responsible travel” kabi 20 dan ziyod turistik kompaniya, Baxmal sport turistik maskani hamda mehmonxonalar faol ishtirok etishdi.
Xalqaro yarmarkada Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari S.Shukurullayev ishtirok etib, bir qator xorijiy davlatlarning vakillari bilan B2B uchrashuvlarini oʻtkazdi.
Jizzax viloyati pavilyonida Fransiya, Turkiya, Singapur, Isroil, Koreya, Belgiya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, BAA, Qozogʻiston kabi qator rivojlangan mamlakatlarning turizm tarmogʻidagi barcha kompaniyalari bilan Jizzax viloyati hokimligi va turizm boshqarmasining 10 dan ortiq hamkorlik memorandumlari va kelishuvlariga erishildi. Koʻrgazmada viloyat turkompaniyalari tomonidan 300 dan ortiq shartnoma imzolandi.
Shuningdek, Qozogʻiston davlatining bir qator nufuzli turkompaniyalari va Turkiston viloyati vakillari bilan Jizzax viloyatiga xorijiy sayyohlarni jalb etish boʻyicha oʻzaro muzokarlar oʻtkazildi. Qolaversa, muzokara jarayonida “ekoturizm”, “ekstremal togʻ turizm”, “madaniy turizm”, “ziyorat turizmi”, “etnoturizm”, “gastroturizm”, “ishbilarmonlik turizmi” (MICE) kabi yangi turpaketlarni yoʻlga qoʻyish, targʻib qilish va Qozogʻiston davlatidan viloyatimizga tashrif buyuradigan sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Nufuzli tadbirning soʻnggi kunida faol ishtirokchilar nomi eʼlon qilindi. Jizzax viloyati “Eng faol stend” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.