«To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun mohiyati
2025-04-17 11:30:00 / Yangiliklar
Bizga ma’lumki, 2022-yilning 12 aprelida «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qilindi va ilgari amalda bo‘lgan, «Bankrotlik to‘g'risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni o‘z kuchini yo‘qotdi.
Qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad shundaki, iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, ular faoliyatini qayta tiklash hamda sog'lomlashtirishdir.
Ushbu qonun iqtisodiy nochor korxonalarning to‘lov qobiliyatini tiklash bo‘yicha Jahon bankining "Biznes yuritish" bo‘yicha reytingida mamlakatimizning munosib o‘rin egallashiga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ilgari, bankrotlikning sog'lomlashtirish taomillari, xususan, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari qo‘llanilganda rag'batlantiruvchi normalar mavjud emas edi. Shuningdek, kreditorlarning qarzlari qoplanish darajasi pastligi va bankrotlik jarayonlari muddati uzoq davom etishi oqibatida ko‘p xarajat sarf bo‘lishi hamda qarzdor tuzgan bitimlarni bajarishdan bosh tortish hamda uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha aniq normalar nazarda tutilmagan edi. Bundan tashqari, amaliyotda mol-mulki yetmasdan qoplanmay qolgan qarz mablag'larini qarzdorning mansabdor shaxslaridan subsidiar yoki solidar tartibda undirish tartiblari belgilanmagan edi.
Qonunga qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning g'ayriqonuniy harakatlari oqibatida kreditorlarning talablarini to‘liq qoplanishini imkonsiz qilib qo‘ygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari bo‘yicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar bo‘lishi qoidasi kiritilgan.
Qonunga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik – sud tomonidan e'tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘la hajmda bajarishga qodir bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxs tushunilishi qayd etildi. Mazkur qonunga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari: vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik, doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishidan iborat.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ish qarzdor va kreditor sudga murojaat etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning (organning) arizasi asosida qarzdor yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi, shuningdek, qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyidagi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g'risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.
To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishi shart. To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi.
Qarzdor soliqlar va yig'imlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risida ish qo‘zg'atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari ega. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ishda davlat tomonidan vakolatli organ bo‘lib Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qatnashadi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g'risida ish qo‘zg'atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g'risida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va ishni ko‘rish alohida hollarda 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etiladi.
Sud qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risida ish qo‘zg'atish haqidagi arizani ish yuritishga qabul qilib olgan kundan e'tiboran kreditorlar qarzdorga o‘z talablarini yakka tartibda qanoatlantirish maqsadida murojaat qilishga haqli emas.
Qarzdorni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish 12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi. Davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomili uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.
Qonunda to‘lovga qobiliyatsizlikning sog'lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblashni to‘xtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablag'larini jalb etish hamda sog'lomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni ko‘zda tutish kabi tartiblar o‘z aksini topgan.
Ushbu Qonun qabul qilingunga qadar amalda mavjud bo‘lgan «Bankrotlik to‘g'risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan farqli o‘laroq, yangi qabul qilingan qonunda jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi masalalari ham tartibga solindi.
Qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va soliqlar hamda yig'imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e'tiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan, qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanadi.
Qarzdor jismoniy shaxs, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati va boshqa vakolatli organlar jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g'risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Qarzdor jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g'risidagi ariza kelib tushgan kundan e'tiboran besh kundan kechiktirmay sudya arizani qabul qilish va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risidagi ishni qo‘zg'atish yoxud arizani qabul qilishni rad etish yoki qaytarish haqidagi ajrimni chiqaradi.
Jismoniy shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g'risida ish qo‘zg'atish haqida sudga ariza bergan arizachi tomonidan moliyaviy boshqaruvchiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag'iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan pul mablag'lari to‘lash lozim bo‘ladi.
Sudning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini tasdiqlash to‘g'risidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib taomilini boshlash to‘g'risidagi qarori chiqarilguniga qadar undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxsning mulkiy holati yaxshilangan taqdirda, kreditorlar yig'ilishi jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g'risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Qonunda jismoniy shaxslarning manfaatlariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, qarzdorning (jismoniy shaxsning) oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni to‘lov grafigi asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etilmoqda.
Sudning jismoniy shaxs qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini tasdiqlash to‘g'risidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash to‘g'risidagi qarori chiqarilguniga qadar undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun mamlakatimizning xalqaro reytinglarda to‘lovga qobiliyatsizlik indikatoridagi o‘rnini ko‘tarish hamda amaliyotda to‘lovga qobiliyatsizlik holatiga tushgan korxonalar faoliyatini tezkorlik bilan tiklash imkonini beradi hamda xorijiy investorlarni jalb qilishda tadbirkorlik muhiti jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.
Qumqo‘rg‘on tumanlararo
iqtisodiy sudi devonxona mudiri J.Allaberdiyev
Qumqo‘rg‘on tumanlararo
iqtisodiy sudi sudya yordamchisi R.Xamdamova
