JARQO‘RG‘ON TUMANIDA RAMAZON HAYIT BAYRAMI
2025-03-30 08:00:00 / Yangiliklar

Muborak Ramazon hayiti Jarqo‘rg‘on tumanida katta shod-u-xurramlik va shukronalik ruhida nishonlanmoqda. Bayramning birinchi kuni erta tongda tumandagi barcha jome' masjidlarida namozxonlar hayit namozi o‘qib, saodatli kun ibodatini ado etdi. Xususan, tumandagi Islomobod jome' masjidi ham yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Hayit namozi ma’ruzasida yurtda tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, mehr-oqibat va insoniy fazilatlarni ulug‘lash, shuningdek, jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash, xayr-saxovat va odamlarga mehr ko‘rsatishning ahamiyati haqida ta’kidlandi.
Yurtdoshlarimiz Ramazon hayitining qutlug‘ onida shukrona aytib, vatanimiz ravnaqi, xalqimizning farovonligi va tinchligi uchun duo qildilar. Bayramni nishonlashda, insoniy aloqalar mustahkamlanib, barchaning yuzida tabassum va qalbida yaxshi niyatlar uyg‘ondi.
Bayram munosabati bilan tuman bo‘ylab turli xayriya tadbirlari va ezgu amallar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hayitning bosh maqsadi bo‘lgan bir-biriga yordam ko‘rsatish, bevosita ehtiyojmandlarga xayriya qilish, ularga yordam qo‘lini cho‘zish, mehr-oqibatni yanada mustahkamlash kabi amallar amalga oshirilmoqda. Tumanimizda nafaqat hayitning diniy jihatlari, balki uning ijtimoiy ahamiyati ham yuksak baholanmoqda.
Shu bilan birga, Ramazon hayitining quvonchli kunlarida, o‘tkazilgan tadbirlar, insonlar o‘rtasidagi yaxshilik va bir-biriga bo‘lgan hurmat va mehr-muhabbatni yanada kuchaytirdi. Bayram kuni tumanimizdagi ko‘plab mahallalarda bolalar, keksalar va kam ta'minlangan oilalarga sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa yordamlar taqdim etildi. Xayr-saxovatning yuksalishi, har bir yurtdoshimizda yana bir bor Ramazonning o‘zgacha mohiyatini anglashga undadi.
Bayramdan so‘ng tuman ahlini birlashtirgan ushbu tadbirlar ko‘plab insonlarning qalbida o‘zgacha taassurotlar qoldirdi. Tumanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun, Ramazon hayiti tinchlik, farovonlik va yaxshi niyatlar bayrami bo‘ldi.







