Jarqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Qo‘ngratov Mirzohid Sharapullayevichning tizim xodimlari va keng jamoatchilikka kriminogen vaziyat bo‘yicha profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati...
2026-07-27 11:35:00 / Yangiliklar

Jarqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Qo‘ngratov Mirzohid Sharapullayevichning tizim xodimlari va keng jamoatchilikka kriminogen vaziyat bo‘yicha profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati...
MUROJAATI
Assalomu alaykum,
Aziz vohadoshlar!
Xabaringiz bor, so‘nggi 10 yilda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida mamlakatimiz ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoya tizimi va qonun ustuvorligi mustahkamlandi.
Eng muhimi, islohotlar samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni mustahkamlanib, inson qadri ulug‘lanib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratildi.
Muhtaram vatandoshlar!
tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha Sizlarga “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilmoqchiman.
Hozirda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yoxud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga berilgan xulosalarga asosan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Shuningdek, joylarda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbiri (1-31 iyul kunlari) o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan davr mobaynida, Prezidentimiz tomonidan belgilangan tizim asosida ishlaganimiz hamda viloyat hokimimizning qo‘shma qarori asosida tumanimizdagi kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarga tuman ichki ishlar organlari rahbar xodimlari bilan bir qatorda Prokuratura, Milliy gvardiya rahbarlari hamda tuman va hududiy tashkilotlar nomma-nom biriktirilib, ularga jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ko‘rayapsizlar, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda.
Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar Bizlarni ham chetlab o‘tmayapti.
Narkotik savdolari transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib bormoqda.
Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.
Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratamiz.
Har bir bola, har bir yoshni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz.
Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz.
Xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgan.
Lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega bo‘lgan, “oilani muqaddas!” deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi.
Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu – butun jamiyatga tegishli masala.
Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!
Ayollar va bolalar huquqlarini himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini oldini olish bo‘yicha Prezidentimizning alohida Farmonlari (PF 33-sonli) imzolanib, bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali tadbirlarni tashkillashtiramiz.
Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan doimo hushyor bo‘lishlarini, xonadon, uy hayvonlari va boshqa ko‘rinishdagi mol-mulklari qarovsiz va ochiq qoldirmasliklarini, har qanday shubhali shaxslar nayranglariga uchmaslikni va albatta shaxsiy xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolardim.
Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!
Bugun sizlarga, Sizlar orqali fuqarolarimizga murojaat qilib aytmoqchiman:
Bir bo‘lsak, olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!
Har birimiz, Tinchlik – bebaho ne’matligini his etib, vatanimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligini ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz kerak.
Shu o‘rinda, yuqoridagi holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarga barham berish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni jilovlashda barchamiz birdek mas’ul ekanligimizni ham eslatib turadi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
