KORRUPSIYASIZ JAMIYAT SARI
2026-07-08 14:45:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish
KORRUPSIYASIZ JAMIYAT SARI

🇺🇿 KORRUPSIYASIZ JAMIYAT SARI
Barchamiz guvohi bo‘lib turganimizdek, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizim shakllantirildi.
Biroq ko‘rilayotgan tizimli choralarga qaramay, ayrim sohalarda korrupsiya holatlari yuqori darajada saqlanib qolayotgani korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini yanada oshirishni, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashni, shuningdek, yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalashni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplaens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash, davlat xaridlarida korrupsiyaviy omillarni kamaytirish, shuningdek, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga jazoni muddatidan ilgari shartli ravishda o‘tashdan ozod qilish qo‘llanilmaydi. Shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxslarga ham ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
Jinoyat kodeksining 205-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish oqibatida fuqarolarning huquqlari, davlat va jamiyat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilgan hollarda, agar bu qilmish uyushgan guruh manfaatini ko‘zlab yoki g‘arazgo‘ylik niyatida sodir etilgan bo‘lsa, aybdor shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutildi.
Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektor vakillarining hamkorligini tashkil etuvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Agentlikka korrupsiyaning tizimli sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, xavf-xatarlarni tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda yuqori xavf mavjud bo‘lgan sohalarni aniqlash kabi qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Qonundagi yana bir muhim yangilik – davlat organlari va tashkilotlarida komplaens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Ushbu tuzilmalar korrupsiyaning oldini olish, ichki nazoratni kuchaytirish, qonuniylikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaviy xavflarni baholash va bartaraf etish, shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi siyosatni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, Qonunning 271-moddasiga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilandi. Mazkur reyestrga kiritilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar sudlanganlik muddati davomida saqlanadi hamda ularga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlar qo‘llaniladi.
Shuningdek, ushbu Qonunga muvofiq Jinoyat-protsessual kodeksi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirishga hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Botirjon Abdullayev
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
